Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda ilk rasmiy sammitini o‘tkazadi
Jamiyat
−
24 Oktabr 2023
10344Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining birinchi rasmiy sammiti 2024 yilning ikkinchi choragida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlarining Markaziy Osiyo davlatlari hamkasblari bilan uchrashuvidan so‘ng ma’lum bo‘ldi.
Markaziy Osiyoning beshta davlati tashqi ishlar vazirlari ilk bor Yevropa Ittifoqining barcha 27 davlati vakillari bilan bir vaqtning o‘zida uchrashdi. 23 oktyabr kuni Lyuksemburgda Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar kengashi yig‘ilishidan so‘ng, tashqi ishlar vazirlari darajasidagi norasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuv 2024 yilning ikkinchi choragida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” birinchi rasmiy sammitiga tayyorgarlikning bir qismidir, deyiladi yig‘ilish yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunikeda.
Yevropa Ittifoqi “Markaziy Osiyo mamlakatlariga global muammolarni qo‘shma imkoniyatlarga aylantirish uchun hamkorlikni taklif qilishga tayyor”, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel, yevropaliklarning Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlikni “yangi bosqichga ko‘tarish” istagini ta’kidlar ekan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel O‘zbekistondagi islohotlarni doimiy qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Yig‘ilish ishtirokchilari Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasini qabul qildi.
Yig‘ilishda, jumladan, Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi jazo choralari va ularni chetlab o‘tishga qarshi kurash muhokama qilindi.
“Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini chetlab o‘tishning oldini olish muhimligi qayd etildi va ishtirokchilar bu yo‘nalishdagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar”, deyiladi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlarining qo‘shma bayonotida.
Ma’lum qilinishicha, vazirlar 2024 yilda yana uchrashishga kelishib olgan. Turkmaniston navbatdagi uchrashuvni o‘z mamlakatida o‘tkazishni taklif qilgan.
LiveBarchasi