Yevropa G‘azo sektori bo‘yicha o‘z rejasini ishlab chiqmoqchi
Olam
−
14 fevral 3016 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar G‘azo sektori bo‘yicha AQSH Prezidenti Donald Trampning falastinliklarni ko‘chirish tashabbusiga muqobil bo‘lishi mumkin bo‘lgan rejani ishlab chiqishga kirishdi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Yevropa ushbu reja ustida arab davlatlari bilan hamkorlikda ish olib boradi.
“Yevropa davlatlari arab davlatlari bilan zudlik bilan reja ishlab chiqish va uni Donald Trampga taqdim etish ustida ishlamoqda”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, Amerika yetakchisining taklifi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar va arab davlatlari siyosatchilarida xavotir uyg‘otgan. Ammo shu bilan birga, uning harakatlari G‘azo sektorida shu paytgacha noaniq va sust bo‘lib kelgan xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha munozaralarga yangi turtki bo‘lgan.
Nashrning ta’kidlashicha, Yevropaning to‘rtta davlati – Italiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya Tashqi ishlar vazirlari yaqin kelajakda arab davlatlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish va ular bilan G‘azo sektori taqdirini muhokama qilish niyatida.
“Uchrashuv 14 fevralga belgilangan va Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida bo‘lib o‘tadi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, AQSH ham maslahatlashuvlarda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Biroq Amerika rasmiylaridan aynan kim vakillik qilishi hozircha noma’lumligicha qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uyda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni qabul qilar ekan, AQSH Prezidenti Vashington G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatishini va “barcha xavfli portlamagan bombalar va boshqa qurollarni olib tashlash uchun javobgar bo‘lishini”, qirg‘oq chizig‘ini “Yaqin Sharq Rivrasi”ga aylantirishini aytgandi.
“Biz uni rivojlantiramiz, minglab ish o‘rinlarini yaratamiz. Bu butun Yaqin Sharq faxrlanishi mumkin bo‘lgan narsa bo‘ladi”, deb va’da berdi Tramp.
Shundan so‘ng, Donald Tramp G‘azo sektorida yashovchi falastinliklarni ko‘chirishni taklif qildi. Netanyaxu Trampning tashabbusini ma’qullab, uni “inqilobiy” deb atadi.
O‘z navbatida, falastinliklar, qator arab davlatlari va AQSHning G‘arb ittifoqchilari respublikachini tanqid qilib, uni xalqaro huquqni buzganlikda aybladi.
Tanqidlarga qaramay, 10 fevral kuni Donald Tramp G‘azo sektorini sotib olish niyatini tasdiqladi.
“Uni qayta tiklashga kelsak, biz uni Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlarga berishimiz mumkin, ular hududining bir qismini qurishi mumkin; boshqa odamlar buni bizning homiyligimiz ostida amalga oshirishi mumkin”, deydi u.
Tramp, shuningdek, AQSHning ittifoqdoshlari Iordaniya va Misr, agar falastinliklarni G‘azo bo‘yicha bahsli rejasini qabul qilishdan bosh tortsa, ularga yordam berishni “nazariy” to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.
Live
Barchasi