Yevrokomissiya rahbari Rossiyaga murojaat bilan chiqdi
Olam
−
09 Sentabr 2023
19815Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen jahon g‘alla bozorini barqarorlashtirish maqsadida Ukraina don mahsulotlari uchun dengiz yo‘llarini ochish zarur, deb hisoblaydi va Rossiya Federatsiyasini buni amalga oshirishga chaqiradi. Bu haqda u bugun, 9 sentyabr kuni Nyu-Dehlida bo‘lib o‘tgan G20 sammitining birinchi sessiyasida so‘z ochdi.
“Biz Rossiyani Ukrainadan kelayotgan donni Qora dengiz orqali jahon bozoriga chiqarishga ruxsat berishga chaqiramiz. Biz donni quruqlik orqali eksport qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solyapmiz. Lekin mahsulot narxining barqarorlashishi uni dengiz orqali tashishga ham bog‘liq”, deydi u.
Ursula fon der Lyayenning so‘zlariga ko‘ra, G20 yetakchilari g‘alla zarur bo‘lgan joyda yetib borishini ta’minlash uchun mas’uliyat va vositalarga ega.
Ma’lumot uchun, don shartnomasi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat – Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilishdagi to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida imzolangan. Tashabbus 2022 yilning noyabrida 120 kunga, keyin esa yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Biroq joriy yilning iyul oyida Moskva don shartnomasidan chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 sentyabr kuni Turkiya Prezidenti Sochida Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashib, g‘alla bitimini qayta tiklash masalasini muhokama qilgandi. Biroq 3 soat davom etgan muzokaralardan so‘ng, Vladimir Putin Moskva unga berilgan va’dalar bajarilgan paytdan boshlab bir necha kun ichida don bitimiga qaytishga tayyorligini aytgandi. Bugun 9 sentyabr kuni esa Erdo‘g‘an G20 yetakchilarini Rossiya talablarini bajarishga va g‘alla bo‘yicha kelishuvni tiklashga chaqirdi.
LiveBarchasi