“Dunyoga muhim messej beramiz”. Putin va Erdo‘g‘an Sochida nimalar haqida gaplashdi?
Olam
−
04 Sentabr 2023
12259Bugun, 4 sentyabr Rossiya va Turkiya Prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sochida muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Kreml saytida ma’lum qilindi.
Davlat rahbarlarining uchrashuvidan so‘ng, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Erdo‘g‘an uchrashuvidan keyin hech qanday hujjat imzolash rejalashtirilmaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, u kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar konstruktiv o‘tganini qayd etgan.
Energiya masalasi
Putin o‘zining ochilish nutqida Rossiya yaqin kelajakda Turkiyada gaz xabi yaratish bo‘yicha muzokaralarni yakunlashga umid qilishini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tomonlar bu masala bo‘yicha “ilg‘or yutuqlarga erishgan”. Erdo‘g‘an, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi bilan gaz bo‘yicha “yuqori hamkorlik” haqida gapirdi va Turkiyada xab tashkil etilishi mamlakat uchun juda muhim ekanini ta’kidladi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Moskva va Anqara har ikki tomonning asosiy yetkazib beruvchilari va iste’molchilari o‘rtasida kelishuvga erishgan.
“Aytganimdek, biz energetika sohasida juda ishonchli harakat qilmoqdamiz, asosiy yetkazib beruvchilar, har ikki tomonning “dvigatel”lari o‘rtasida kelishuvlarga erishildi. Umid qilamanki, shunday bo‘ladi. Yaqin kelajakda biz bunga guvoh bo‘lamiz”, degan Putin.
Shuningdek, Putin Rossiya gazni Turkiya orqali boshqa davlatlarga tranzit qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, Rossiya joriy yilning 9 oyida Turkiyaga 10 mlrd kub metrdan ortiq gaz yetkazib bergan.
“Biz hududiy gaz xabini yaratishni taklif qildik, “Gazprom” yo‘l xaritasi loyihasini taqdim etdi”, degan Putin muzokaralar yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Bundan tashqari, Putin 2024 yilda Turkiyada Akkuyu atom elektr stansiyasining birinchi blokini ishga tushirish rejalarini ma’lum qilgan. U Rossiya yadro yoqilg‘isining birinchi partiyasi yetkazib berilgandan so‘ng, Turkiya yadroviy davlatlar klubiga a’zo bo‘lganini aytgan.
“Keyingi yil — hammasi reja bo‘yicha ketmoqda — biz birinchi blokni ishga tushiramiz. Hamkorligimizni davom ettirish uchun qiziqarli variantlar mavjud. Hozir stansiyada juda katta malakali jamoa — salkam 25 ming odam ishlashda davom etmoqda”, degan Putin.
Erdo‘g‘an esa Turkiya Rossiya bilan Sinop shahrida respublikadagi ikkinchi AESni qurish bo‘yicha kelishuvga erisha olishiga ishonch bildirgan.
Don kelishuvi
Muzokaralar boshlanishida Putin Erdo‘g‘anga Moskva don bitimini muhokama qilishga qaytishga tayyorligini aytdi.
“Bilaman, siz don bitimi bo‘yicha savollar berish niyatidasiz. Biz bu borada muzokaralar uchun ochiqmiz”, degan Putin.
O‘z navbatida, Erdo‘g‘an Ukrainadan g‘alla eksport qilish tashabbusi bo‘yicha Putin bilan muzokaralar Afrika davlatlari va butun dunyo uchun ahamiyatli bo‘lishini aytgan.
LiveBarchasi