Yevropa kiberqurollarga ega bo‘lishi kerak – Yevrokomissiya
Olam
−
13 fevral 370 2 daqiqa
Yevropa endi faqat mudofaa bilan cheklanib qolmasligi kerak. Yevropa Komissiyasining texnologiya va xavfsizlik bo‘yicha rahbari, ijrochi vitse-prezidenti Henna Virkkunen Yevropa kiberhududda zarba bera olish salohiyatiga ham ega bo‘lishi zarurligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raqiblarni jilovlash uchun faqat himoya strategiyasi yetarli emas. Bu haqda “Politico” nashri yozdi.
So‘nggi yillarda ko‘plab Yevropa poytaxtlari “hacking back” — ya’ni javob kiberhujumlari masalasida ochiq pozitsiya bildirishdan tiyilib kelgan edi. Bunga Rossiya yoki Xitoy kabi davlatlar bilan keskinlik kuchayishi xavfi sabab bo‘lgan. Biroq endilikda Germaniya, Latviya va boshqa mamlakatlar bunday operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga moyillik bildirmoqda.
Yevrokomissiya o‘tgan oy taqdim etgan mudofaa “oq kitobi”da ham himoya bilan bir qatorda hujumkor kiberimkoniyatlarni rivojlantirish zarurati qayd etilgan edi. Bu mintaqaning raqamli xavfsizlik siyosatida burilish yasashi mumkin.
Shu bilan birga, Bryussel strategik sohalarda ma’lumotlar ustidan nazoratni kuchaytirish, xorijiy texnologiyalarga qaramlikni kamaytirish va mahalliy IT hamda kiberindustriyani rivojlantirishni maqsad qilgan. Virkkunenning ta’kidlashicha, Yevropa barcha yo‘nalishda mustaqil bo‘lishni emas, balki ishonchli hamkorlar bilan barqaror ta’minot zanjirlarini shakllantirishni ko‘zlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 15 million O‘zbekiston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari sizdirilgani va Dark Web’ga joylashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ma’lum bo‘lishicha, 15 mln emas 60 ming nafar o‘zbekistonlikning ma’lumotlari tarqalgan. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirokida matbuot anjumanida ma’lum qilgan.
Musulmon Sodiq