Ukraina Yevrokomissiya ajratgan 90 mlrd yevroni mudofaa tizimlariga sarflamoqchi
Olam
−
10:05 1034 2 daqiqa
Ukraina Yevropa Komissiyasiga Yevropa Ittifoqining 90 milliard yevrolik kreditidan mudofaa tizimlarini, jumladan, raketalarga qarshi mudofaa vositalarini sotib olish uchun foydalanishni taklif qildi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Muzokaralardan xabardor Yevropa Komissiyasining vakiliga ko‘ra, hozircha qaysi tizimlar xarid qilinishi aniq emas. Gap AQSHning Patriot tizimlari yoki Fransiya – Italiyaga tegishli SAMP/T NG zenit-raketa majmualari haqida ketmoqda.
Yangi xaridlar ro‘yxatini joriy yilning sentyabrigacha shakllantirish rejalashtirilgan. Undan raketalarga qarshi mudofaa tizimlaridan tashqari raketalar va dronlar ham o‘rin oladi.
Yevropa Ittifoqining 90 milliard yevrolik kreditining 60 milliard yevrosi Ukrainaning mudofaa salohiyati va mudofaa sanoatini mustahkamlashga, 30 milliard yevrosi esa byudjetni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan.
Ukraina Kredit mablag‘lari hisobidan qurol-yarog‘larni asosan Yevropa Ittifoqi va Yevropa iqtisodiy hududidagi ishlab chiqaruvchilardan xarid qilishi ko‘zda tutilgan. Ayrim hollarda boshqa davlatlardan qurol sotib olishga ham ruxsat berilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Patriot – AQSHda ishlab chiqarilgan bo‘lib, samolyotlar, qanotli va ballistik raketalarni urib tushirishga mo‘ljallangan havo hujumidan va raketaga qarshi mudofaa tizimi hisoblanadi. SAMP/T NG esa Fransiya va Italiya tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, samolyotlar, dronlar, qanotli va ballistik raketalardan himoyalanishga mo‘ljallangan Yevropaning yangi avlod havo va raketaga qarshi mudofaa tizimidir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Ukrainaga zudlik bilan zarur bo‘lgan havo hujumidan mudofaa vositalarini yetkazish ustida ishlayotgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi