YeTTB O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi qachon iniqirozdan oldingi darajaga qaytishini aytdi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2020
6039Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) 2021 yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 4,5 foizga o‘sishini taxmin qildi. Bu o‘sish eksport va ichki talabning tiklanishi hisobiga bo‘ladi deb prognoz qilgan YeTTB.
YeTTB bu yil O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 2 foizga qisqarishini kutmoqda. 2021 yil uchun iqtisodiy o‘sish prognozini 6,5 foizdan 4,5 foizgacha pasaytirdi.
O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 2020 yilning birinchi yarmida 0,2 foizgacha pasayib, asosan qishloq xo‘jaligi (2,8 foiz) va qurilish (7,3 foiz) sohalaridagi o‘sish hisobiga ijobiy ko‘rsatkichini saqlab qolgan.
Bank hisobotiga ko‘ra, birinchi yarim yillikda sanoat va gaz qazib olish 1,9 foiz va 17,1 foizga kamaygan. Mehmonxona biznesi va chakana savdoda 1,1 foizga, transport va saqlash, axborot va aloqada — 3,2 foiz pasayish kuzatildi.
Hukumat karantin choralarini 2020 yil mart oyining o‘rtalarida joriy qildi va 2020 yil avgust oyining oxiridan boshlab ularni asta-sekin yumshatdi. 2020 yil yanvar-iyul oylarida ishsizlik o‘tgan yilgi 9,1 foizdan 13,2 foizga o‘sdi, real daromadlar esa 1,7 foizga kamaydi. Yalpi talab sustligi fonida inflyatsiya 2020 avgust oyida 11,7 foizgacha pastladi (2019 yil avgustda — 16,5 foiz), bu Markaziy bankni qayta moliyalash stavkasini yillik 15 foizdan 14 foizgacha tushirishga majbur qildi.
Hisobotda ta’kidlanishicha, Inqirozga qarshi jamg‘arma (YAIMning 1,5 foizga yaqini) tashkil etilganiga qaramay, mamlakat kuchli tashqi bosimni boshdan kechirmoqda. Yilning yetti oyida import taxminan 18 foizga, eksport esa 21 foizga kamaydi. Rossiya va Qozog‘istondagi iqtisodiy faollikning sustlashuvi va yanvar-iyul oylarida pul o‘tkazmalarining 7 foizga pasayishi tufayli tashqi muvozanat yanada yomonlashdi.
Umuman olganda, YeTTB bu yil real YAIMning 2 foizga qisqarishini prognoz qilmoqda. Tahlilchilar eksport va ichki talabning tiklanishi bilan bog‘liq holda 2021 yilda 4,5 foiz o‘sishni kutmoqdalar.
Bank may oyidagi hisobotida mamlakat iqtisodiyoti 2020 yil 1,5 foizga, keyingi yil esa 6,5 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi. Mamlakat iqtisodiyoti 2019 yilgi o‘sish ko‘rsatkichlariga esa 2022 yilning birinchi choragida yetib borishi mumkin.
LiveBarchasi