COVID-19 O‘zbekiston iqtisodiga nisbatan past zarar keltiryapti – ekspert

Jamiyat

image

COVID-19 pandemiyasi davri bilan bog‘liq iqtisodiy inqiroz natijasida O‘zbekiston iqtisodiyotining pasayishi boshqa davlatlarnikiga nisbatan sezilarli darajada kam bo‘lgan. Bu haqda “Renaissance Capital” tahliliy agentligining Rossiya va MDH bo‘yicha iqtisodchisi Sofiya Donets yozmoqda. U O‘zbekiston qatoriga Qozog‘istonni ham kiritgan.

Ekspertning fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekiston va Qozog‘iston inqirozning jiddiy oqibatlarini his qilgan, ammo bu yil ushbu mamlakatlarda iqtisodiy inqiroz, umuman olganda, dunyoning ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodiyotlariga qaraganda ancha past bo‘lishi mumkin.

“Qozog‘iston va O‘zbekiston uchun pandemiyaning va u keltirib chiqargan karantin choralarining ta’siri past bo‘lishiga tizimli o‘ziga xosliklar sabab bo‘ldi. Bular qatoriga iste’mol xizmatlari (masalan, turistik) yoki karantinga chidamsiz bo‘lgan kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi hissasi nisbatan pastligi, davlat sektorida bandlikning yuqoriligi va yaxshi sanoat potensiali kiradi”, degan Donets.

Bundan tashqari, u mana shu davlatlar 2020 yilga yaxshi formada kelgani, yalpi ichki mahsulot 4 foizdan ko‘proq o‘sgani va davlat qarzi past darajada ekanini hamda byudjet mablag‘lari barqarorlashtirilganini qo‘shimcha qildi.

“Bu o‘z navbatida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshirish uchun imkon yaratdi”, deydi Donets.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ham, Qozog‘istonda ham birinchi marta karantin yumshatgach, kasallik ortib ketdi. Bu qat’iy karantin choralarini qaytarishga majbur qildi.

“Biroq hozirgi vaziyatda biz kasallik tarqalishi “pik”dan o‘tgan deb hisoblaymiz. Bu faqatgina cheklovlar amal qilgani uchungina emas, balki aholining ma’lum qismi kasalni boshdan o‘tkazib bo‘lgani hisobiga yuz berdi. Shundan so‘ng, ko‘plab davlatlarda vaziyat barqarorlashdi. Biz yil oxirigacha iqtisodiy faollik bir tekisda rivojlanishini kutyapmiz”, deydi u.

Natijada O‘zbekiston 2020 yilni iqtisodiy pasayishsiz (1 foiz atrofidagi o‘sish bilan), Qozog‘iston esa ozgina pasayish bilan (2,2 foiz) yakunlashi mumkin.

“Bizning fikrimizcha, o‘rta muddatli istiqbolda ikki davlat ham barqaror demografiya, islohotlarning muvozanatli dasturi hamda alohida tarmoq va bozorlarni jadal o‘sishini ta’minlash uchun yaxshi potensialga ega. Ushbu mamlakatlarning investorlar uchun jozibadorligi  barqaror soliq siyosati, tashqi pozitsiya va mustahkam moliya tizimini yaratishga yordam beradi”, degan Donets.

Avvalroq, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq rahbari Suma Chakrabarti Ozarbayjonning “Trend” nashriga bergan intervyusida O‘zbekiston iqtisodi juda yaxshi rivojlanayotganini va bu yiliga 5-6 foizni tashkil etayotganini aytib o‘tgandi.

Chakrabartining ta’kidlashicha, Jahon bankining "Ish yuritish qulayligi" so‘nggi hisobotida,  O‘zbekiston oxirgi o‘n ikki oy ichida ishbilarmonlik muhiti eng yaxshilangan yigirma mamlakat qatoriga kiritilgan.

 

Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot pandemiya

Baholaganlar

103

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing