O‘zbekiston YAIM hajmi ilk bor 100 milliard dollardan oshdi
Jamiyat
−
01 avgust
66132023 yilda O‘zbekiston Respublikasining nominal yalpi ichki mahsulot hajmi 125,6 trillion so‘mga (10,7 milliard dollarga) oshib, 1 192,2 trillion so‘m (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lum qildi.
Xabarda keltirilishicha, kecha, 2024 yil 31 iyul kuni Toshkentda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va O‘zbekistondagi vazirlik va idoralar ishtirokida uchrashuv tashkil etilgan. Undagi muhokamalar davomida O‘zbekistonning nominal YAIM hajmi ilk bor 100 milliard dollardan oshgani qayd etilgan.
2024 yilning yanvar oyida O‘zbekistonning 2023 yilgi nominal YAIM hajmi 90,9 mlrd dollarni tashkil etgani xabar qilingan edi. Statistika agentligi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig‘i Abrorali Mamadjanovning aytishicha, qayta o‘tkazilgan hisob-kitob va tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston nominal YAIM hajmi 1 192,2 trillion so‘m (101,6 milliard dollar)ga yetgani ma’lum bo‘lgan.
“Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning YAIMga ta’siri sohalar va hududlar bo‘yicha 2017-2023 yillar uchun baholandi. Bu esa mamlakatda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning ko‘lami va uning umumiy iqtisodiy faoliyatga ta’sirini aniqlash imkonini berdi. Olib borilgan tanlanma statistik kuzatuvlar va hisob-kitoblar natijasida YAIM va aholi jon boshiga YAIM kabi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning qamrovi yaxshilandi, shuningdek, ularning xalqaro metodologiyalarga muvofiqligi ta’minlandi”, deyiladi xabarda.