Investor uchun eng katta kafolat – mustaqil va tez ishlaydigan sud – Faxriddin Ilyosov

Jamiyat

image

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish zarur. Agar bir bozorda davlat kompaniyasi va xususiy biznes raqobatlashayotgan bo‘lsa, ular uchun shartlar teng bo‘lishi shart. Sud tizimida biznes huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish zarur. Investor uchun eng katta kafolat – imtiyoz emas, mustaqil va tez ishlaydigan sud tizimi. Bu kabi fikrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning har yili avgust oyida an’anaviy ravishda tadbirkorlar bilan uchrashuvi oldidan QALAMPIR.UZ’ning navbatdagi suhbatdoshi Faxriddin Ilyosov tomonidan yangradi.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya va Yevropa bozorlariga yetkazib berish bilan shug‘ullanib kelayotgan “Ilyasov” klasteri aynan ikkinchi ma’muriyat davridagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar fonida tashkil etilgan.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zosi ko‘p yillik tajribaga ega tadbirkor Faxriddin Ilyosov bilan muloqotimiz davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi, biznes muhitidagi o‘zgarishlar, kutilmalar, muammolar yechimi, islohotlarning tadbirkorlar faoliyatiga ta’siri, dunyodagi yangi trendlar va xavflar haqida bo‘ldi.

Tadbirkorning ovozi eshitilyapti

Oxirgi o‘n yilda hamma narsa o‘zgardi. Davlatni taniy boshladik, uning kayfiyatini o‘rgana oldik. Yaqinlashdik! Davlatning ham bizga, tadbirkorlarga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Ilgari tadbirkor ko‘proq nazorat qilinishi kerak bo‘lgan sub’ekt sifatida qaralgan bo‘lsa, bugun u iqtisodiyotni harakatga keltiruvchi asosiy kuch sifatida e’tirof etilyapti.

Amaliy jihatdan esa bir nechta muhim islohotlarni ajratib ko‘rsatgan bo‘lardim. Birinchisi – valyuta bozorining erkinlashtirilishi. Bu biznes uchun juda katta burilish bo‘ldi. Valyuta konvertatsiyasi bilan bog‘liq yillar davomida to‘planib qolgan muammolar bartaraf etildi.

Ikkinchisi – soliq tizimining soddalashtirilishi, soliq stavkalarining pasaytirilishi va ma’muriyatchilikning raqamlashtirilishi.

Uchinchisi – litsenziya va ruxsat berish tartiblarining qisqartirilishi, davlat xizmatlarining elektron shaklga o‘tishi. Bu nafaqat tadbirkorlik, balki barcha sohalarning rivojlanishi, korrupsiya omillarining bartaraf qilinishi uchun xizmat qiladigan muhim hodisa.

To‘rtinchisi – tekshiruvlar tizimidagi o‘zgarishlar. Tadbirkorlik sub’ekti faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklash bo‘yicha katta ishlar qilindi. Ammo bu doimiy harakat, doimiy islohot va o‘z ustida ishlash bilan bog‘liq jarayon.

Yana bir muhim jihat – xususiy mulk va tadbirkor huquqlarini himoya qilish masalasi davlat siyosatining yuqori darajasiga ko‘tarildi. Albatta, ba’zi holatlarda kamchiliklar, islohotlarni tushunmayotgan quyi tizimdagi rahbarlar ham uchrab turibdi, biroq bu umumiy maqsadga soya soladigan darajada, deb o‘ylamayman.

Lekin, men uchun eng katta islohot – tadbirkorning ovozi eshitila boshlaganidir. Bugun biznesdagi muammoni ochiq aytish, uni davlat rahbari darajasigacha olib chiqish va yechim talab qilish imkoniyati bor. Har hafta Savdo-sanoat palatasida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkaziladi. Ochiq muloqot haqiqatdan ham ochiq o‘tadi. Hech kimning ovozi bo‘g‘ilmaydi, oldindan aytiladigan chiroyli gaplar tayyorlab olinmaydi, muammoni aytadigan odamni davradan chiqarib yuborishmaydi. Aksincha, hammasi ro‘y-rost jonli efirda uzatib boriladi. Shuning o‘zi tadbirkorda gapirish imkoni berilgani va uni eshitadigan mas’ullar borligidan dalolat.

Biznesning muammolari davlatning kun tartibida

Prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti , menimcha, so‘nggi yillarda shakllangan eng muhim institutlardan biri.

Bu shunchaki tadbirkorlarni yig‘ib, ular uchun o‘tkaziladigan tadbir, marosim emas. Bu muammolarni birgalikda yechish, yutuqlarni tahlil qilish, kamchiliklar ustida ishlash va vazifalarni bo‘lib olish uchun maydon. Muhimi, ochiq muloqotgacha biznesdan minglab taklif va muammolar yig‘iladi, ular o‘rganiladi va natijada aniq qarorlar qabul qilinadi.

Tadbirkor bilan davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot paydo bo‘lganini ko‘ryapmiz. Ilgari bir muammoni vazirlik yoki idoralarga tushuntirish uchun oylab, ba’zan yillab vaqt ketishi mumkin edi. Hozir tizimli muammoni yuqori darajaga olib chiqish mexanizmi bor.

Biz ham turli yillarda soliq, qishloq xo‘jaligi, eksport, tadbirkorlarni tekshirish, debitorlik qarzdorligi va boshqa masalalarni ko‘tarib kelganmiz. Ularning bir qismi bo‘yicha qonunchilik va amaliyotda o‘zgarishlar bo‘ldi, ayrimlari esa hali ham muhokama jarayonida.

Men bu yerda bir narsani muhim deb bilaman: ochiq muloqotning samarasini faqat o‘sha kuni qabul qilingan qarorlar bilan o‘lchamaslik kerak. Eng katta natija – biznes muammolari davlat iqtisodiy siyosatining kun tartibiga muntazam ravishda kirib borayotganida.

Tadbirkor tavakkal qilishdan qo‘rqmaydi, lekin...

Tadbirkorlik hech qachon oson ish bo‘lmagan va oson bo‘lmaydi. Chunki, tadbirkorlikning o‘zi tavakkal degani. Lekin boshqa savol bor: davlat tadbirkorlik qilishni osonlashtirdimi? Menimcha, albatta, oxirgi yillarda ancha osonlashtirdi.

Biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish, valyuta operatsiyalari, bank xizmatlari, soliq hisoboti, eksport-import operatsiyalari – ko‘p jarayonlar oldingiga nisbatan ancha soddalashdi.

Ammo tadbirkorlarda hali ham eng ko‘p yetishmayotgan narsa – barqarorlik va oldindan prognoz qila olish imkoniyati.

Tadbirkor tavakkal qilishdan qo‘rqmaydi. Lekin u qoidalarning kutilmaganda o‘zgarishidan qo‘rqadi. Investor 5-10 yillik reja qilayotganda soliq siyosati qanday bo‘lishini, bojxona qoidalari qanday ishlashini, yer yoki infratuzilma bo‘yicha shartlar o‘zgarmasligini bilishi kerak.

Shuning uchun bugun biznesga imtiyozdan ham ko‘ra, ko‘proq barqaror va tushunarli qoidalar kerak.

Keyingi qadam – adolatli raqobat muhitini yaratish

Aytganimdek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston har jihatdan o‘zgardi. Ayniqsa, so‘nggi olti yilda tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan an’anaviy muloqot tadbirkorlarni ham o‘zgartirdi. Davlat va biznes bir-biriga moslashishni, bir-birining koriga yarashni o‘rgandi. Menimcha, endi islohotlarning keyingi bosqichi alohida imtiyozlar berish emas, balki barcha uchun bir xil va adolatli raqobat muhitini yaratish bo‘lishi kerak.

Davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kamaytirish zarur. Agar bir bozorda davlat kompaniyasi va xususiy biznes raqobatlashayotgan bo‘lsa, ular uchun shartlar teng bo‘lishi shart. Bu borada gap ketganda, shuni ham qo‘shimcha qilamanki, nazorat qiluvchi organlarning falsafasini ham o‘zgartirish kerak.

Davlat organining vazifasi faqat xato topish yoki jazolash emas, qonun buzilishining oldini olish va biznesga qonun doirasida ishlashga yordam berish ham bo‘lishi kerak. Sud tizimida biznes huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish zarur. Investor uchun eng katta kafolat – imtiyoz emas, mustaqil va tez ishlaydigan sud tizimi.

Va, albatta, iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, monopoliyalarni qisqartirish, xususiylashtirishni davom ettirish hamda davlatning bozorga ma’muriy aralashuvini minimallashtirish zarur.

Qishloq xo‘jaligida eng qimmat resurs yer emas, aynan suv bo‘ladi

Men asosan qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va eksport sohasida ishlaganim uchun bu sohalarda juda katta transformatsiyani kutyapman.

Birinchi katta trend – suv tanqisligi. Yaqin yillarda qishloq xo‘jaligida eng qimmat resurs yer emas, aynan suv bo‘lishi mumkin. Shuning uchun suv tejovchi texnologiyalar, tomchilatib sug‘orish, hosildorligi yuqori navlar va zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘tish majburiyatga aylanadi.

Ikkinchi trend – xomashyo eksportidan tayyor va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot eksportiga o‘tish. Biz meva-sabzavotni shunchaki yetishtirib sotish emas, uni saralash, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va brend ostida eksport qilishimiz kerak.

Uchinchisi – texnologiya. Sun’iy intellekt, avtomatlashtirish, dronlar, sensorlar, aniq dehqonchilik texnologiyalari qishloq xo‘jaligining oddiy qismiga aylanadi. Kim texnologiyaga tezroq o‘tsa, uning tannarxi past va raqobatbardoshligi yuqori bo‘ladi.

To‘rtinchi masala – tashqi bozorlarda raqobatning kuchayishi. O‘zbekiston mahsuloti faqat narx bilan raqobatlasha olmaydi. Sifat, standart, sertifikat, logistika va yetkazib berish barqarorligi bo‘yicha ham raqobatlashishimiz kerak.

Xavf-xatarlar esa – iqlim o‘zgarishi, suv resurslari, logistika xarajatlari, tashqi bozorlardagi proteksionizm va geosiyosiy beqarorlik.

Shu bilan birga, men bu jarayonlarda O‘zbekiston uchun katta imkoniyatni ham ko‘raman. Bizda yer, iqlim, mehnat resurslari, katta ichki bozor va Yevropa bilan Osiyo o‘rtasida qulay geografik joylashuv bor.

Agar keyingi 3–5 yilda texnologiya, suv samaradorligi, qayta ishlash va eksport logistikasiga to‘g‘ri investitsiya kirita olsak, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi oddiy agrar ishlab chiqaruvchidan yuqori qo‘shilgan qiymatli oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi markazga aylanishi mumkin.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing