“Real Sanjik” advokatlari prokuror va sudyalarni almashtirishni talab qilmoqda

Tahlil

Reklama
0:00

Qochoq kuyov unashtirilgan qizining uyini “Real Sanjik” nomiga pul evaziga o‘tkazib berishi, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, juda ko‘p miqdorda firibgarlik va narkojinoyat – bu bugun sud zalida o‘zining aybsizligini isbotlashga urinayotgan Sanjar Karimovni panjara ortiga olib kelgan sabablar. Tadbirkorga nisbatan joriy yilning 8 may sanasida jinoyat protsessual kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan edi, ammo hukmdan norozi bo‘lgan Karimov sudga appelyatsiya kiritganidan so‘ng sud yangi dalillarga asoslangan holda qayta ko‘rib chiqilishi aytilgan. Bugun Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchi tomonidan olib kelingan yangi audioyozuv barcha sud ishtirokchilariga eshittirildi. Shundan so‘ng, advokatlardan biri Sanjar Karimovning xonadonida o‘tkazilgan tintuv jarayonlarining videosini raislik qiluvchining so‘zlariga muvofiq sudya va sudlanuvchi Karimovning o‘zigagina ko‘rsatdi. Ayni shu holatdan so‘ng advokatlarda savollar ko‘payishni boshladi. Sudlanuvchining himoyachilari jarayonning o‘zida sudga 10 ga yaqin iltimosnomalar kiritdi, ammo u iltimoslarning birortasi raislik qiluvchi tomonidan qo‘llab quvvatlanmagach, advokatlar sudda ishtirok etayotgan prokurorni almashtirish yoki umuman sudyalar hay’atini o‘zgartirish iltimosnomasini kiritishdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 409-moddasida o‘sha prokurorlarimizning suddagi huquq va majburiyatlari, vakolatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Bu jarayon sudda ular faqatgina ayblovni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan emas, balki ishni xolisona, adolatli va Jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan talablar asosida qonuniy olib borilishini aslida ular ta’minlashi kerak. Prokurorimiz ishning holatlari bo‘yicha aniq bir tushuncha bermasdan, bular vaqtni cho‘zyapti deb e’tiroz bildirgan holda iltimosnomamizni rad qilishlari, hamkasblarimiz tomonidan prokurorlar dastlabki sud hukmini qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazardan faoliyat olib bordi sud jarayonida, degan fikrlarni bildirib o‘tishdi va bu jarayonlar bevosita dastlabki hukmni yana qaytadan chiqarish degan masala ko‘rinib qolyapti. Shu sababli, bizlar prokurorga ham e’tiroz bildirdik. Sud majlisi ishtirokchisini, ya’ni prokurorni va sudyani rad etish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 76-moddasining birinchi qismi, uchinchi bandida ko‘rsatilgan. Ishni xolisona va qonuniy tartibda ko‘rib chiqilishiga shubhalanayotgan bo‘lsa, tomonlar e’tiroz bildirish huquqiga ega, ularga rad qilish bo‘yicha va bu jarayonlar bevosita ularni o‘zini-o‘zi rad qilish to‘g‘risida yoki sudyalarni, prokurorni rad qilish to‘g‘risida ajrim chiqarish mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu yerda hammasi qonuniy talab. Endi bitta narsa – bu jarayonni boshqacha qilib talqin qilish kerak emas. Bu sud jarayoni, bu tortishuv qonunda ko‘rsatilgan. Men, masalan, shaxsan sudyalarga nisbatan shaxsiy adovatimiz yo‘q yoki ularni ham bizga nisbatan shaxsiy adovatini sezganimiz yo‘q. Agar sezgan bo‘lganimizda, bizlar ham o‘zimizning choralarimizni ko‘rgan bo‘lardik. Lekin faqatgina bitta narsa, sud protsesslari natijasida bizlarda, advokatlarning shaxsiy fikri bo‘yicha ish yakunida go‘yoki birinchi instansiya sudining hukmi yana qaytadan takrorlab o‘qiladi degan, ya’ni kuchda qoldi degan fikr paydo bo‘lyapti. Vaholanki, mana o‘sha birinchi instansiya sudi hukmi 8 may kuni chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kungacha nega bo‘lmasa apellyatsiya berdik? Apellyatsiya jarayonlarida bu narsalar ko‘rib chiqilmasa, yetarlicha izoh berilmasa, iltimosnomalar qanoatlantirilmasa, nimaga oydinlik kiritiladi?” deydi Sanjar Karimovning advokati.

Barcha iltimosnomalar rad etilgach, sudlanuvchi Sanjar Karimov o‘z fikrlarini bildirdi.

“Bergan iltimosnomamning maqsadi nima bo‘lgan? Adolatli sud hukmi. Tintuv noqonuniy bo‘lganligini mana butun ommaviy axborot vositalari, hamma ko‘rdi. Mening konstitutsiyaviy huquqim buzilganligi haqida amin bo‘lindi. Konstitutsiyaning 31-moddasida yozib qo‘yilgan: faqat ajrim bilangina xonadonga kirish mumkin. Bironta bir ajrim ham yo‘q-ku. Videoda ko‘rsatilayotgan xonadon u butunlay boshqa xonadon. O‘sha kirib kelayotgan xonadonning ajrimi bormi? Yo‘q. 158-moddada kechiktirib bo‘lmaydigan tintuv harakatlarini amalga oshirish degan yozuv yozilgan. O‘sha kechiktirib bo‘lmaydigan qarorning o‘zi ham yo‘q-ku. Agar sudning ajrimi bo‘lsa, o‘shanda xonadonga kirish mumkin. Tintuv qilish mumkin. Lekin menda ajrim qani? Qonun doirasida agar ajrim bo‘lmasa, bu 95-1-moddaga ko‘ra nomaqbul dalil bo‘lishi kerak. Nahotki men shundoq bir tadbirkor, orqamda katta turgan auditoriya bor, tanigan insonla bor, men qanaqadir milligramm narsani kimga sotaman? Nahotki meni 400 ming so‘mga shu besh yilga qamab yuborish to‘g‘ri bo‘lsa? Mayli, bugungi asosiy iltimosnomamiz nimadan iborat edi? Paltoning ichidan topildi deyilyapti. Paltoda topilgan video tasvirini birga ko‘raylik, dedik. Bormi shu video tasviri? Yo‘q. Qanaqa qilib bu paltoning ichidan bu narsa topildi? Paltoni DNK qilishganda qo‘l izlarim topilgan. Xo‘p, kechirasiz, tushunadigan inson Y-xromosomaga asosan natija analiz beribdi. Ha, Y-xromosoma ota bilan o‘g‘ilniki bir xil bo‘ladi-ku. Nyu-Yorkdan olib kelingan xulosalarda ham ko‘rsatilgan, indeks degradatsiyani, 2.0 indeks degradatsiya kvantipleks “oborudovaniyada” agar bo‘lsa, aynan alleliya lokuslari tushib ketishini aytgan. Qanaqa qilib u DNKni ushlaydi, agar degradatsiya baland bo‘lib, aynan lokuslari tushib ketsa? Undan tashqari, “Versaplex” kompleksda tekshirganda, degradatsiyasi to‘g‘ri kelmayapti. Palto menga tegishli emasligini ko‘rsatyapti. Mana bugun bir fleshka berildi – amerikadan yana bir qo‘shimcha dalil. Fleshkada otamga retsept yozib bergan, aynan “tetrakannabis”, “tetrakannabinol” yozib bergan doktor videoda aytyapti: “Ha, rostdan ham men doktorman. 2023 yildan beri mening nazoratimda bu bemor. Men o‘sha retseptni yozib berganman. Bizning noodatiy terapiyamiz yordamini berdi, yaxshi natija ko‘rsatdi”, deb videoyozuv qilgan. O‘sha narsani biz bugun isbotlab bermoqchi edik. Rad qilib yuboryapti hamma narsani. Videoda tergovchi aytyapti: “Biz mana bu, mana bu adresdamiz, hozir tintuv jarayonini boshlaymiz”, deb. Vaholanki, u videoda eshikni buzib ochayotgan “adresi” butunlay boshqa. Topilgan ashyoning videosi ham yo‘q. Men isbotlashimga biror bir dalil va oydinlik kiritishga fursat bo‘lmaganligidan juda ham hafsalam pir bo‘ldi. Men adolat so‘rab apellyatsiya sudiga kelgandim”, deydi sudlanuvchi Sanjar Karimov

Shunday qilib, sud yangi dalillarni o‘rganib chiqquniga qadar sud ishining davomi 2 sentyabr kuniga qoldirildi.

Umidbek Sulaymonov


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing