Sobiq mudofaa vaziri davlatga xiyonatda ayblanib, ushlandi

Olam

image

Kecha, 11 sentyabr kuni Gruziyada sobiq mudofaa vaziri va muxolifatdagi “Yagona milliy harakat” partiyasi yetakchilaridan biri Georgiy Baramidze qo‘lga olindi. Unga “vatanga xoinlik qilish, ya’ni sabotaj” bo‘yicha ayblov e’lon qilinadi. Bu haqda Gruziya Bosh prokurori o‘rinbosari Amiran Guluashvili ma’lum qildi.

Baramidze sud qarori asosida ushlangan, prokuratura uni qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni so‘rash niyatida. Unga 4 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid solmoqda.

Jinoiy ta’qibga Baramidzening 1992–1993 yillardagi gruzin-abxaz urushi haqidagi bayonoti sabab bo‘lgan. Iyul oyida siyosatchi Yago Xvichiyaning “Gruziyaning tug‘ilishi” ko‘rsatuvida Baramidze konfliktning dastlabki bosqichida Gruziya qurolli kuchlari vakillari dushmanlarni asirga olmaganini, balki ularni joyida otib tashlashganini aytgan. Prokuratura talqiniga ko‘ra, shu orqali u gruzin harbiylarini xalqaro gumanitar huquqni buzishda va og‘ir harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblagan.

Prokuraturaning bildirishicha, tergov davomida gruzin harbiy xizmatchilari yoki konfliktning boshqa ishtirokchilari tomonidan asirlar otib tashlangani holatlari o‘z tasdig‘ini topmagan. Idora Baramidzening bayonotini “asossiz va uydirma” deb hisoblaydi hamda bu Gruziyaning davlat manfaatlariga va xalqaro obro‘siga, shuningdek, uning qurolli kuchlari reputatsiyasiga zarar yetkazganini ta’kidlamoqda.

Prokuratura tergovni joriy yilning 7 avgust kuni Veteranlar ishlari bo‘yicha davlat xizmatining murojaatidan so‘ng boshlagan. O‘shanda idora ish Gruziya Jinoyat kodeksining 307-1- va 318-moddalari — vatanga xoinlik qilish hamda mamlakatning davlat manfaatlariga xavf solish moddalari bo‘yicha tergov qilinayotganini xabar qilgan.

Baramidze qo‘lga olish paytida huquq-tartibot xodimlari unga Gruziyaga xoinlik qilish ayblovi haqida xabar berganini aytgan. Uning ayoli tomonidan e’lon qilingan videoda siyosatchining “Menga bunday deyishga uyalmaysizlarmi?” degani aks etgan.

Ma’lumot uchun, Baramidze — Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining eski safdoshlaridan biri va u tomonidan tuzilgan “Yagona milliy harakat”ning yetakchilaridan. Saakashvili davrida u ichki ishlar vaziri va mudofaa vaziri lavozimlarini egallagan, bosh vazir o‘rinbosari hamda Yevropa va yevroatlantika integratsiyasi masalalari bo‘yicha davlat vaziri bo‘lgan. 2021 yilda “The Insider” bilan suhbatda Baramidze hokimiyatdagi “Gruziya orzusi” partiyasini “putincha rejim” deb atagan va “Yagona milliy harakat” hokimiyatni faqat siyosiy usullar bilan almashtirish niyatida ekanini aytgan.

2026 yilning fevral oyida Rossiya nazoratidagi “DXR Oliy sudi” Baramidzeni Ukraina tomonida urushda ishtirok etganlik ayblovi bilan sirtdan 6,5 yilga koloniyaga hukm qilgan. Rossiya Bosh prokuraturasining bildirishicha, 2022 yil fevralida siyosatchi “Gruziya milliy legioni”ga qo‘shilgan va aprel oyigacha Rossiya qo‘shinlariga qarshi janglarda ishtirok etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Armanistonning sobiq moliya vaziri va Davlat daromad qo‘mitasining sobiq rahbari Gagik Xachatryan pora olish hamda juda katta miqdorda pul yuvishda gumonlanib, ikki oyga qamoqqa olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing