Malayziyaning sobiq bosh vaziri aktivlarini yashirishda ayblanmoqda
Olam
−
11:55 702 2 daqiqa
Malayziyaning sobiq bosh vaziri Ismoil Sabri Yakob o‘ziga tegishli mol-mulk va mablag‘lari haqida ma’lumot bermagani uchun sudga tortildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, u o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmagan va 300 ming Malayziya ringgiti garov evaziga ozod qilingan.
Qayd etilishicha, Ismoil Sabri mahalliy va xorijiy valyutalar, shuningdek, oltin quymalarini deklaratsiya qilmaganlikda ayblanmoqda. U Kuala-Lumpurdagi sudda o‘zini aybsiz deb tan olgan.
Sud qaroriga ko‘ra, sobiq bosh vazir 300 ming Malayziya ringgiti, ya’ni qariyb 74,5 ming AQSH dollari garov evaziga ozod qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, agar u aybdor deb topilsa, Ismoil Sabriga 5 yilgacha qamoq jazosi va 100 ming Malayziya ringgitigacha jarima berilishi mumkin.
Ismoil Sabriyning advokati Amer Hamza Arshad sobiq bosh vazirga qo‘yilgan ayblov ayrim mol-mulklari haqida ma’lumot berish talabini bajarmagani bilan bog‘liqligini aytgan.
“Biz ayblovni o‘rganib chiqamiz. Sudga ma’lum qilganimizdek, ayblovning asoslanganligi va qonuniyligi bo‘yicha ayrim xavotirlarimiz bor, biroq hozir bu borada batafsil to‘xtalib o‘tmaymiz”, degan advokat.
Ma’lum qilinishicha, Malayziya Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi 2025 yilda Ismoil Sabri bilan bog‘liq deb taxmin qilingan qariyb 40 million dollarlik mol-mulk va mablag‘larni musodara qilgan. Tekshiruvlar davomida turli valyutalarda jami 170 million Malayziya ringgiti naqd pul va 16 kilogramm oltin quymalari olib qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, unga qo‘yilgan ayblov Malayziyaning Korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi to‘g‘risidagi 2009 yilgi qonunning 36 (2)-moddasi asosida qo‘yilgan bo‘lib, mazkur modda komissiyaning mol-mulk haqida ma’lumot berish haqidagi talabini bajarmaslik uchun javobgarlikni belgilaydi.
Ma’lumot uchun, Ismoil Sabri Yakob 2021 yil avgustidan 2022 yil noyabrigacha Malayziya Bosh vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. U bungacha mamlakat parlamenti deputati va turli vazirliklarda, jumladan, qishloq va hududlarni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi hamda ichki savdo sohalarida vazir lavozimlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya sobiq bosh vaziri Xose Luis Rodriges Sapatero COVID-19 pandemiyasi davrida xususiy aviakompaniyani “inqirozdan qutqarish” uchun pora olganlikda va boshqa tegishli jinoyatlarda ayblanib tergov qilingan edi.
Live
Barchasi