Soyadagi iqtisodiyot. Sigaretni yashirincha sotganlar
Tahlil
−
05 mart
5822Hech noqonuniy tovar sotib olganmisiz? Balki, olgansizu, o‘zingiz uning qonunga xilof olib kelingani yoki sotilayotgani haqida o‘ylab ko‘rmagandirsiz. Har holda bugun bojxonadan yashirincha mahsulot olib kirishga urinish holatlari tez-tez qulog‘imizga chalinib qolyapti. Aytaylik, tamaki savdosi. O‘zbekiston aholisining 12 foizi, ya’ni qariyb 4 million 416 ming kishi sigareta chekadi. Bu esa ushbu tovarga bo‘lgan talabning yuqori ekanligidan dalolat. Balki sotiladigan mahsulotlar javob berishi kerak bo‘lgan standartlarning yuqoriligi, balki oson yo‘l bilan pul orttirishga bo‘lgan istakning kuchi qo‘shtirnoq ichidagi ba’zi tadbirkorlarni qing‘ir yo‘llarga boshlayapti.
Tamaki mahsulotlarining iste’moli inson salomatligi uchun shundoq ham ziyon. Yana uning noqonuniy yo‘llar bilan mamlakatga olib kirilishiga nima deysiz. Har holda qonunbuzarlar ham bir nimani ko‘zlamasa, berkitishga urinmasa, qing‘ir yo‘lga oyoq bosmaydi. O‘zbekiston bojxona qo‘mitasi raisi matbuot kotibi Nurbek Salomov jinoyatchilarning kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga tamaki olib kirish sabablarini tushuntirdi.
“Tamaki mahsulotlarining O‘zbekistonga noqonuniy olib kelinishining huquqbuzarlar tomonidan ruxsat etuvchi hujjatlarni olishdan, bojxona to‘lovlarini to‘lashdan qochish yoki noqonuniy daromad olishga bo‘lgan qiziqish asosiy sabablardan hisoblanadi”, deydi mutaxassis.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston bozorida noqonuniy sigaretaning o‘rtacha ulushi 22,4 foizni tashkil etdi. Bu nafaqat davlat byudjetining bir trillion so‘mlik soliq tushumlaridan mahrum bo‘lgani, balki 2,4 milliard dona tekshiruvdan o‘tmagan sigaret ichki bozorga noqonuniy yo‘llar bilan kirib kelganini anglatadi. Xo‘sh, sigaretaning ichki bozorga bunchalik ko‘p miqdorda noqonuniy kirib kelishiga nima sabab bo‘lmoqda?
“Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tamaki mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali dastlab tranzit rejimiga rasmiylashtirilib, qo‘shni mamlakatlarga olib o‘tilib, keyinchalik vodiy viloyatlari orqali olib kirilyapti va mayda partiyalarda sotilyapti. Yaqinda Surxondaryo viloyati Sariosiyo chegara bojxona postidagi temiryo‘l vagonida tranzit rejimida olib o‘tilayotgan yuklar ko‘zdan kechirilayotganda, yashirincha olib o‘tilayotgan 402 ming quti tamaki aniqlangan”, deydi mutaxassis.
2023 yilda “World Population Review” nashri tomonidan qayd etilgan ko‘rsatkichlarga ko‘ra, O‘zbekiston aholisining 16,5 foizi tamaki chekardi. Ammo 2024 yilga kelib bu miqdor 12 foizgacha kamayadi. Unga ko‘ra, ayni paytda mamlakatdagi 23,3 foiz erkaklar hamda 1,3 foiz ayollar tamaki iste’mol qiladi. Shuningdek, tashkilot chekish 8 millionga yaqin bevaqt o‘limga, saraton, yurak va o‘pka kasalliklari, insult hamda diabetga sabab bo‘layotganini alohida urg‘ulagan.
Shu sababdan ham O‘zbekistonda so‘nggi yarim yil ichida ikki marotaba tamaki va alkogol savdosiga qo‘shimcha taqiqlar o‘rnatildi. Xususan, 2023 yil 26 avgust kunidan kuchga kirgan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga ko‘ra, ko‘cha sotuvchilari faoliyatiga, sigaretlarni markirovkasiz, statsionar savdo nuqtalaridan tashqarida va donalab sotishga taqiq qo‘yildi. Unga asosan ko‘cha sotuvchilari faoliyati tovarni to‘liq musodara qilish va 15 mln so‘mgacha jarimaga sabab bo‘lishi belgilandi. Shuningdek, 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga tamaki sotish va sotib olish borasida taqiqlar qo‘yildi.
Bundan tashqari, 2024 yilning 17 fevralidan yangi qonun kuchga kirdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarini noqonuniy ishlab chiqarish uchun ma’muriy emas, balki jinoiy javobgarlik belgilandi.
"Tamaki mahsulotlarining O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilishi va mamlakatda noqonuniy aylanishi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga asosan, jinoiy javobgarlikka, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga asosan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 186-1-moddasiga asosan etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarining O‘zbekiston Respublikasida noqonuniy muomalaga kiritilish huquqbuzarligi uchun javobgarlik belgilangan. Bunda BHMning 50-100 barobari miqdorida jarima jazosi qo‘llaniladi. Agarda bu holat bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi va 5-7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan jazolanishi mumkin”, deydi mutaxassis.
Noqonuniy tamakini sotib olish mumkin emasligini-ku bildik, ammo mahsulotning qonuniy yoki yo‘qligini qanday bilaman, deyayotgandirsiz. Salomovning so‘zlariga ko‘ra, bunday sigaretalarni 3 ta belgiga qarab aniqlab olish mumkin.
"O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida tamaki mahsulotlarining ishlab chiqarilishi yoki mamlakat hududiga olib kirilishi bilan bog‘liq muayyan normalar kiritilgan. Xususan, qonunga ko‘ra, tamaki mahsulotlarining qadog‘ida tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak. Ushbu tibbiy ogohlantirishda ushbu mahsulotlarning inson salomatligiga xavf tug‘dirishi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud bo‘lishi kerak. Bu birinchi talab. Ikkinchidan, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida tamaki mahsulotlarining qadog‘i maxsus kod bilan markirovkalanishi kerak. Uchinchi talab esa, O‘zbekistonga olib kiriladigan, ishlab chiqariladigan tamaki mahsulotlari majburiy ravishda aksiz markalari bilan markalanishi kerak. Ushbu uchta belgi mavjud bo‘lmagan holda noqonuniy tamaki mahsuloti hisoblanadi", deydi mutaxassis.
Bundan tashqari, sigaretani ogohlantirish belgisisiz noqonuniy sotish hollarini oldini olish uchun, jamoatchilik nazorati ham muhim sanaladi. Hozirda fuqarolar tamaki mahsulotlarining noqonuniy sotilayotganini duch kelgan paytda, tegishli organlarga xabar berish tartibi ishlab chiqilmoqda.
"Tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib kirilishi, aylanishishiga qarshi fuqarolarimizda qandaydir ma’lumot bo‘lsa, Bojxona organlarining qisqa raqamli 1108 telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin. Ushbu murojaatlar asosida Bojxona organlari tomonidan tegishli amalga oshiriladi", deydi mutaxassis.
Qayd etish joizki, kontrabandaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlarning ko‘lami kichik emas. Bosh prokuratura huzurida “Soya iqtisodiyotiga” qarshi kurashish departamentining tashkil etilgani ham bunga bir misoldir. Ayni paytda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bilan naq 14 ta boshqarma shug‘ullanadi. Ammo aytish kerakki, ularning faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha yagona tizim mavjud emas. Shu kabi muammolarning bartaraf etilishi noqonuniy tovarlar aylanmasiga chek qo‘ysa ajab emas.
Siz esa o‘zingiz, sog‘lig‘ingiz va atrofingizdagilarni ehtiyot qiling. Siz chiqarayotgan tutundan farzandlaringiz ham nafas olishini unutmang. QALAMPIR.UZdan uzoqlashmang!
LiveBarchasi