Toshkentda 24,5 mlrd so‘mni o‘margan mansabdorlardan iborat 38 kishilik jinoiy guruh aniqlandi
3-sahifa
−
05 mart
11362Toshkent shahrida 17 nafar soliq idoralari xodimlari, 1 nafar bojxona organi xodimi, 1 nafar bank xodimi, 1 nafar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va 18 nafar tadbirkorlik sub’ektlarining mansabdor shaxslaridan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu guruh tomonidan 2020-2023 yillar davomida 8 ta soxta korxona tashkil qilinib, xorijga soxta eksport qilingan mebel mahsulotlari uchun qaytarilishi belgilangan 15 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) salbiy farq summasini asossiz qaytarib olish orqali ular jami 24 milliard 580 million so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilgan.
Jinoiy guruh faoliyatini soliq idoralarining sobiq xodimi muvofiqlashtirib borgan va aynan mazkur shaxs norasmiy rahbarlik qilgan korxonalar Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, ularning yuridik manzillari asossiz ravishda tez-tez o‘zgartirilib, ularga rasmiy rahbar sifatida ishga aloqador bo‘lmagan shaxslarning nomlari kiritilgan. Shuningdek, korxonalarning faoliyat turi sifatida mebel ishlab chiqarish bilan shug‘ullanish belgilangan bo‘lsa-da, aslida ular hech qanday ishlab chiqarishni amalga oshirmagan.
Bundan tashqari, hisobot hujjatlarida go‘yoki ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar Qirg‘izistonga eksport qilingani qayd etilgan. Lekin, tekshiruvlar jarayonida eksport operatsiyalari amalga oshirilmagani, korxonalarning muhrlari uyushgan guruh tomonidan soxtalashtirilgani va eksport shartnomalari shakllantirilgani hamda davlat byudjetidan yuqorida ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i pul mablag‘lari noqonuniy qaytarib olingani aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 179-moddasi (soxta tadbirkorlik), 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
Tergov davomida 6 milliard 808 million so‘m davlat hisobiga undirildi. Shuningdek, yetkazilgan zararni qoplash uchun 6 milliard 300 million so‘mlik mol-mulk, jumladan 1 ta ko‘p qavatli xususiy tibbiy klinika binosi, 1 ta avtomobillar yuvish shoxobchasi, 2 ta xonadon, 6 ta avtomashina hamda telefon va kompyuter jihozlari xatlandi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan 38 nafar sudlanuvchining 14 nafariga 5 yil 6 oydan 7 yil 6 oy muddatgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, 18 nafar shaxsga nisbatan turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ularga Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llagan holda 2 yil muddat ichida yetkazilgan moddiy zararni qoplash majburiyati bilan 3 yil sinov muddati tayinlandi.
Bundan tashqari, sudlanuvchilarning 6 nafariga nisbatan 2 yildan kam bo‘lmagan muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida yashash xonadonida 100 ming so‘mlik kupyura yordamida 28 million 300 ming so‘m miqdoridagi qalbaki pullarni tayyorlagan jinoiy guruh ushlangandi.
LiveBarchasi