Toshkentda ozarbayjonliklardan pul talab qilib kelgan jinoiy guruh ushlandi (video)
3-sahifa
−
22 yanvar
10325Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan mamlakat hududida tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelayotgan Ozarbayjon Respublikasi fuqarolaridan noqonuniy ravishda pul talab qilib kelgan chet ellik shaxslardan iborat jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1983 yilda Ozarbayjon davlatida tug‘ilgan shaxs akasi bilan birga Bektemir tumanida joylashgan bozorda sitrus mevalarning savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu shaxs joriy yilning 10 yanvar kuni IIV Tezkor qidiruv departamentiga ariza bilan murojaat qilib, tanishi bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi fuqarosi bilan 2024 yilning noyabr oylarida vaqtincha yashash uyida mehmondorchilik qilayotgan vaqtida ular orasida tushunmovchilik kelib chiqqanini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoiy guruh vakili jabrlanuvchiga nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilganini bahona qilib, 2024 yil 15 dekabr kuni o‘zining jinoiy sherigi, 1974 yilda Ozarbayjon davlatida tug‘ilgan, muqaddam bir necha marta sudlangan shaxsni Toshkent shahriga chaqirtirgan. Uning yordamida jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazib, sha’niga aytilgan gaplar uchun javob berishi lozimligini va tovlamachilik yo‘li bilan 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilgan. Shundan 1 ming 500 AQSH dollarini 15 dekabr kuni olib ketgan bo‘lsada, yana 3 ming 500 AQSH dollarini talab qilib kelgan.
O‘zbekiston IIV Tezkor-qidiruv departamenti xodimlari tomonidan 2025 yilning 10 yanvar kuni Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar tovlamachilik yo‘li bilan talab qilib kelayotgan 3 ming 500 AQSH dollarni olayotgan vaqtida ushlangan.
Bildirilishicha, mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qism “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 3 nafar shaxs Jinoyat protsessual kodeksning 227-moddasi tartibida ushlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Sergeli va Yashnobod tumanlarida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olingan edi.
LiveBarchasi