Yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli kredit berishning yangi shartlari belgilanadi
Jamiyat
−
18 mart 2020
165409Yosh oilalarga qurilayotgan uy-joylar uchun boshlang‘ich badalning 65 foizigacha bo‘lgan qismini O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi mablag‘idan to‘lash tartibi joriy etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlashni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida qayd etilgan.
Qayd etilishicha, mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, alohida namuna ko‘rsatayotgan yosh oilalarga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berishning quyidagi shartlari belgilanadi:
• shaharlarda ko‘p kvartirali arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 2 (2020 yil 1 yanvardan boshlab — 1) yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan (2020 yil 1 yanvardan boshlab birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada) va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal kvartira qiymatining 25 (2020 yil 1 yanvardan boshlab quriladigan uy-joylar uchun 10) foizini tashkil etadi;
• qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish va rekonstruksiya qilish uchun — 2 (2020 yil 1 yanvardan boshlab — 1) yillik imtiyozli davr va dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7 foiz miqdoridagi foiz stavkasi bilan (2020 yil 1 yanvardan boshlab birinchi 5 yil davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bosqichma-bosqich oshib boradigan stavkada) va keyingi davrda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga beriladi, bunda dastlabki badal uy-joy smeta qiymatining 25 (2020 yil 1 yanvardan boshlab quriladigan uy-joylar uchun 10) foizini tashkil etadi.
• Yosh oilalarning kvartira sotib olish to‘g‘risidagi murojaatlarini ko‘rib chiqish ushbu Nizomga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.
Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi har yili davlat dasturlarida mamlakatning ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalar uchun belgilanadigan uy-joylar sonidan kelib chiqqan holda yosh oilani uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj sifatida hisobga qo‘yadi.
Belgilanishicha, yosh oilalar uchun qurilayotgan 1402 ta uy-joy qiymati dastlabki badalining 65 foizigacha bo‘lgan qismi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mablag‘lari hisobiga beg‘araz ajratiladi.
LiveBarchasi