“Sovg‘a yutdingiz” . Toshkentda 110 kishini chuv tushirgan “kiberbunker” fosh etildi

3-sahifa

−

image

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida fuqarolarni “Aksiya g‘olibi bo‘ldingiz” deya aldab, ularning kredit va mikroqarz mablag‘larini o‘zlashtirgan noqonuniy koll-markaz – “kiberbunker” faoliyati fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Aniqlanishicha, Farg‘ona viloyatida yashovchi 2005 yilda tug‘ilgan shaxs va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularni go‘yoki savdo ilovasining kompaniya aksiyasi g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumotlar bergan. Ular sovg‘ani olish uchun to‘lovni fuqaroning nomiga ajratilgan kredit yoki mikroqarz hisobidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga vaqtincha o‘tkazish kerakligini bildirgan. Shundan so‘ng, yutilgan maishiy texnikani yetkazib berishni va’da qilib, fuqarolarni pul o‘tkazishga ishontirgan.

Shu bilan birga, guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini go‘yoki mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki ustidan shikoyat qilmoqchi bo‘lib, norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab, juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan. Bu yo‘l bilan jabrlanuvchilarning e’tibori chalg‘itilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlarini to‘liq o‘zlashtirishga erishilgan. Mablag‘lar o‘tkazib bo‘lingach, ko‘p hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa butunlay uzib qo‘yilgan.

Tekshiruvlar davomida YATTlar orqali Shayxontohur tumanida tashkil etilgan kiberbunkerda 5 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgani ma’lum bo‘lgan. Dastlabki tergovga qadar 110 nafardan ortiq fuqaroning 300 million so‘mdan ortiq mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, 8 ta mobil telefon, 150 varaqdan iborat fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlari va nasiya savdo ilovasidan ajratilgan limitlar jadvallari, 2 ta daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida chet-el fuqarosi boshchiligidagi yuzlab yigit-qizlardan tashkil topgan kiberjinoyatchilar guruhi qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing