Namanganda kredit taklif qilib, fuqarolardan 250 mln so‘mdan ortiq pul olgan shaxs ushlandi (video)
3-sahifa
−
08:36 770 2 daqiqa
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida Telegram orqali kam foizli kredit va’da qilib, fuqarolardan 250 million so‘mdan ortiq pul olganlikda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, gumonlanuvchi Telegram messenjerida “Mikrokredit” nomli soxta sahifa ochib, fuqarolarga kam foizli kredit taklif qilgan. U kreditni rasmiylashtirish bahonasida ulardan oldindan bank kartalariga pul o‘tkazishni so‘ragan. Fuqarolar pulni o‘tkazganidan keyin esa kredit ajratilmagan va ular bilan aloqa uzilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, firibgarlik oqibatida yetkazilgan zarar 250 million so‘mdan oshgan.
Gumonlanuvchi avval ham firibgarlik uchun sudlanganini, bu safar esa oilaviy sharoiti yaxshi bo‘lmagani sababli jinoyatni takrorlaganini bildirgan. U fuqarolarning pullarini o‘z ehtiyojlariga sarflaganini aytib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, gumonlanuvchi qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) uchinchi qismining “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergovga oid protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda xorijlik kiberjinoyatchilar bilan til biriktirib, qariyb 250 nafar fuqaroning bank kartalaridan 3 mlrd so‘mga yaqin pulni o‘g‘irlagan uch nafar yosh qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi