“Yermulkkadastr” davlat korxonasi mutaxassisi pora bilan ushlandi
Jamiyat
−
18 may 2020
19858Andijon viloyati Paxtaobod tumani Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi filiali mutaxassisi pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi.
fuqaro X.B.ning murojaatiga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Paxtaobod tuman bo‘limi va DXX xodimlari tomonidan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida davlat kadastr korxonasi mutaxassisi M.X., X.B.ning yashash xonadoniga egalik huquqini beruvchi hujjatlarni olib berish evaziga 750 AQSH dollari talab qilib, shundan, 700 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, Oqqo‘rg‘on tumani hokimining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari M.A. va tuman “Mahalla“ xayriya jamoat fondi hisobchisi B.N. oldindan til biriktirib, tumandagi ehtiyojmand oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mahalla“ xayriya jamoat fondiga hamda 2020 yilda “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga kelib tushgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan naqdlashtirib, jami 109,2 mln. so‘m pullarni o‘zlashtirishgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi