Yerevan Bakuga urush paytida yo‘qolganlarni topish uchun hamkorlik taklif qildi
Olam
−
27 yanvar
4410Yerevan bedarak yo‘qolganlar taqdirini aniqlashda Ozarbayjon bilan hamkorlik qilishga tayyor. Bu haqda Armaniston asirlar, bedarak yo‘qolgan va garovga olingan fuqarolar bo‘yicha davlat komissiyasi bayonotida ma’lum qilindi.
“Armaniston Ozarbayjon bilan bedarak yo‘qolganlar taqdirini aniqlashda, jumladan, yuqori darajada hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi”, deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, Armaniston 2020 yilda bo‘lib o‘tgan 44 kunlik urushda halok bo‘lgan 51 nafar Ozarbayjon askarlarining jasadlari, shuningdek, 90-yillarda halok bo‘lgan 50 ga yaqin kishi ko‘milgan joy to‘g‘risidagi topografik materiallarni Ozarbayjon hukumatiga topshirgan. Shuningdek, 90-yillarda Tog‘li Qorabog‘ vakillaridan olingan 140 nafar ozarbayjonliklarning suyaklari Ozarbayjonga yuborilgan.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon asirlar, bedarak yo‘qolganlar va garovga olingan fuqarolar ishlari bo‘yicha davlat komissiyasining 1-Qorabog‘ urushida bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida 3890 nafar shaxsning nomi mavjud. Ulardan 3171 nafari harbiy, 719 nafari tinch aholi vakillaridir. Tinch aholi orasidan 71 nafarini voyaga yetmaganlar, 267 nafarini ayollar tashkil qiladi.
Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarida 10 ta ommaviy qabrlar topilgan bo‘lib, ayni paytda 15 kishining shaxsi aniqlangan.
Armaniston hukumati bergan ma’lumotga ko‘ra, mojarolar boshlanganidan beri Armanistonning 993 nafar fuqarosi bedarak yo‘qolgan.
Bir muddat avval Ozarbayjon Armaniston tomoni bilan bedarak yo‘qolganlarni qidirish bo‘yicha qo‘shma mexanizm yaratishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning 7 dekabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri devoni tinchlik shartnomasi tuzilishi haqida qo‘shma bayonot bilan chiqqan va Ozarbayjon tarafidan 32 nafar arman harbiy xizmatchisi, Armaniston tarafidan 2 nafar ozarbayjonlik harbiy xizmatchi ozod qilingan edi.