Yelenovkadagi qirg‘in: Rossiya va Ukraina o‘nlab harbiy asirlar o‘ldirishida bir-birini ayblayapti

Olam

image

Kecha, 29 iyul kuni Ukrainaning Donetsk viloyatining Volnovaxa tumanidagi Yelenovka aholi punktida joylashgan ukrainalik harbiy asirlar, shu jumladan “Azov” tuzilmasi jangarilari saqlanadigan tergov izolyatoriga raketa hujum uyushtirildi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tergov izolyatorida bo‘lgan 193 kishidan 53 nafari vafot etgan.

Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy vakili Igor Konashenkov hujumni Ukraina harbiylari uyushtirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, raketalar tunda HIMARS yalpi reaktiv hujum tizimlaridan otilgan.

Ukraina tomoni bunga teskari bayonot bilan chiqdi. Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Rossiya rasmiy Kiyevni “harbiy jinoyatlar” sodir etishda ayblash, mahbuslarni qiynash va qatllar izini yashirish maqsadida qasddan izolyatorga hujum qilganini aytmoqda. "Azov" rahbari Andrey Beletskiy izolyatordagilarni o‘ldirishda ishtirok etgan har bir jinoyatchi uchun "ov" e’lon qildi.

Har ikki tomon bir-birini ayblayotgan vaqtda Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi vakillari esa Yelenovkaga borish istagini bildirdi. 

"Biz Yelenovka izolyatoridagi fojia haqida bilamiz. Fotosuratlarni ko‘rdik. Lekin o‘sha paytda bizning vakillarimiz yo‘q edi, shuningdek biz ma’lumot oladigan mustaqil vakillar ham yo‘q... Biz Donetskdagi tegishli tuzilmalarga murojaat qilib, imkon qadar tezroq u yerga yetib borishga yordam berishlarini so‘radik”, deydi tashkilot vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qizil Xoch vakillari Yelenovkaga birinchi navbatda, u yerda saqlanayotgan yarador Ukraina fuqarolariga yordam berish, shuningdek iloji bo‘lsa, ularni evakuatsiya qilish uchun bormoqchi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yelenovkadagi teraktni izohlar ekan, yana bir bor Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlat sifatida tan olish zarurligini ta’kidlagan.

"Bu Rossiyani qasddan qilgan harbiy jinoyati, ukrainalik harbiy asirlarni qasddan qirio‘. 50 dan ortiq kishi halok bo‘ldi", deydi Zelenskiy.

Shuningdek, Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov ham holatga munosabat bildirib, Rossiya jang maydonida mag‘lub bo‘lishi kerakligini aytib o‘tgan. 

"Yelenovkadagi izolyatorning Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishi – ukrainlar qirg‘ini. Ukrainalik harbiy asirlarning qiynoqqa solinishi va o‘ldirilishi Jeneva konvensiyalarining buzilishi hisoblanadi. Rossiya – murosasiz terrorchi davlat, uni jang maydonida mag‘lub etish kerak", deydi Reznikov.

Rossiya tomonidan Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ham holatni izohlar ekan bunda birinchi navbatda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy va Vashingtonni aybladi. 

Volodinning fikricha, “Azov” batalonining asirga olingan jangarilari saqlanayotgan Yelenovkadagi tergov izolyatoriga hujum ular ustidan tribunal o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uyushtirilgan.

"Yelenovkadagi tergov izolyatoriga raketa hujumi ortida Prezident Zelenskiy va Vashington turibdi. Bu bitta maqsad bilan qilingan: asirga olingan natsistlar – azovliklar guvohlik beradigan Nyurnbergdagi yangi sud jarayonining oldini olish", degan u.

Duma spikerining ishonch bilan aytishicha, Vashington va Kiyev Yevropa davlatlari hamda AQSH fuqarolari ulardan yuz o‘girmasliklari uchun jinoyatlariga guvoh bo‘lganlarni yo‘llaridan olib tashlashmoqda.  

“Jangarilarning o‘z vahshiy jinoyatlarini ochiqchasiga tan olishi “NATOga a’zo bir qator davlat rahbarlarini jinoiy javobgarlikka tortish talabini chiqarishi muqarrar”, deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

164

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing