YeI vanihoyat Rossiya banklarini SWIFT'dan uzdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi ko‘pdan beri muhokama qilib kelinayotgan Rossiya banklarini SWIFT xalqaro banklararo aloqa tizimidan uzish masalasiga nuqta qo‘ydi.

Bugun, 2 mart YeI Rossiyaning yettita bankini SWIFT tizimidan uzishga qaror qildi. Ro‘yxatga VTB, “Rossiya”, “Otkritiye”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari kirdi.

Agar Rossiya Federatsiyasi SWIFT’dan uzilsa, nima bo‘ladi?

Pul mablag‘larini xorijiy hisob raqamlariga o‘tkazish uchun odatdagidek mijoz banki yetarli bo‘lmaydi, yangi usullarni izlash kerak bo‘ladi. 

Korxonalar uchun xorijlik kontragentlarga to‘lash, yakuniy iste’molchilar uchun esa chet elga pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qiyinlashadi. 

Bank operatsiyalarining sekinlashishi iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida tovarlar yetkazib berish zanjirlarining uzilishiga, bu esa o‘z navbatida import taqchilligiga olib keladi. Tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham narxlarning oshishiga va dollar va yevro kursining yana ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, SWIFT’dan uzilgan taqdirda, ko‘plab rossiyalik investorlar mahalliy qimmatli qog‘ozlarni ommaviy ravishda sotishni boshlaydilar, bu esa fond bozoriga zarba beradi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

38

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing