YeI O‘zbekistonga 7 mln yevro ajratdi
Jamiyat
−
10:41 1578 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi (YeI) O‘zbekiston hukumatiga 2020−2030 yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash uchun 7 million yevro miqdorida grant ajratdi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda tomonlar YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni muhokama qilgan.
Yangi grant YeIning sektorni qo‘llab-quvvatlash uchun olgan 20 mln yevrolik majburiyatining bir qismi hisoblanadi. Shundan 6 mln yevro 2023 yilda ajratilgan. Qolgan 7 mln yevro qishloq xo‘jaligini isloh qilishda davom etish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish sharti bilan 2026 yilga mo‘ljallangan.
Xabarda ta’kidlanishicha, YeI O‘zbekiston hukumatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri grant yordamini ko‘rsatuvchi kam sonli rivojlanish hamkorlaridan biriligicha qolmoqda.
YeI elchisi O‘zbekiston hukumati tomonidan mahalliy ishlab chiqarish va eksportni kuchaytirish, irrigatsiya samaradorligini oshirish, agrobiznes uchun yanada qulay muhit yaratish bo‘yicha allaqachon choralar ko‘rilganini ta’kidlagan.
“Kelajakni nazarda tutadigan bo‘lsak, asosiy muammolar endi narxlar yoki kvotalar emas, balki iqtisodiy yerdan foydalanish huquqlarini mustahkamlash va oziq-ovqat xavfsizligi boshqaruvini kuchaytirish zaruratidir — bu ikki omil investitsiyalarni jalb qilish, barqarorlikni ta’minlash va eksport raqobatbardoshligini oshirish uchun, xususan, JSTga a’zo bo‘lish kontekstida, ayniqsa muhim”, deydi Toyvo Klaar.
U YeI O‘zbekistonni qishloq xo‘jaligi sohasida qolgan islohotlarni yakunlashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini tasdiqlagan. Elchi hamkorlikni chuqurlashtirish O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi savdo imkoniyatlarini kengaytirish va sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2024 yilda Rossiyadan qancha qarz olgani aytilgandi.