YeI Ukrainaga qurol uchun uchinchi marta 500 mln yevro ajratdi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainaga harbiy texnika uchun qo‘shimcha 500 million yevro ajratish qarorini ma’qulladi. Bu haqda TASS Bryusselda tarqatilgan tuzilma bayonotiga tayanib, xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun Yevropa Tinchlik Jamg‘armasi doirasida allaqachon safarbar qilingan resurslarga 500 million yevro qo‘shadi va shu bilan dastlabki byudjetni uch baravar oshiradi. Natijada Yevropa Ittifoqining Kiyevga yuborayotgan harbiy yordamining umumiy miqdori 1,5 milliard yevroga yetadi. 

“Bu Yevropa Ittifoqiga Ukraina qurolli kuchlarining o‘z hududiy yaxlitligini, shuningdek, tinch aholini himoya qilish qobiliyati va chidamliligini qo‘llab-quvvatlashda davom etish imkonini beradi”, deyiladi hujjatda.

Avvalroq Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Kiyevga tashrifi chog‘ida Yevropa Ittifoqi tarixida birinchi marta mojaro diplomatik yo‘l bilan emas, harbiy yo‘l bilan hal etilishini istagan edi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqining Ukrainaga harbiy texnika uchun qo‘shimcha 500 million yevro ajratish niyatida ekanligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi ikki marta (28 fevral va 23 mart) Ukrainaga harbiy yordam uchun 500 million yevro ajratilishini e’lon qilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

4

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing