YeI Ukrainaga 700 mlrd yevrolik harbiy yordam paketini tayyorlamoqda – OAV
Olam
−
18 fevral 7059 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Ukrainaga harbiy texnika sotib olish uchun taxminan 700 mlrd yevrolik yordam paketini tayyorlamoqda. Bu haqda “News Week” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok yordam ko‘lami haqida fikr bildirib, uning miqdori 700 mlrd yevro atrofida bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Biz katta miqdordagi yordam paketini ishga tushiramiz. Yevro yoki korona inqirozi kabi, endi Yevropada xavfsizlikni ta’minlash uchun ham moliyaviy paket mavjud. Bu yaqin kelajakda amalga oshadi. Biz yevropaliklar, nemislar sifatida Ukraina tomonida harbiy, gumanitar va moliyaviy ko‘mak bilan qat’iy turibmiz. Yevropaliklar sifatida o‘z xavfsizligimiz uchun har qanday mas’uliyatni o‘z zimmamizga olamiz”, deydi Annalena Berbok.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yordam paketi Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi qo‘shma qarz hisobidan moliyalashtirilishi mumkin, bu mexanizm koronavirus pandemiyasi davrida sinovdan o‘tgan.
Yevropa Ittifoqi ushbu loyihani sir saqlashni xohlagan, biroq Berbok bu ma’lumotni AQSH rasmiylari Yevropa rasmiylariga o‘z talablarini bildirganidan keyin oshkor qilgan.
Xabarda aytilishicha, xarajatlar rejasi Germaniyada 23 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar yakuniga qadar e’lon qilinmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropaning bir qancha davlatlari Rossiya bilan “kelajakda tinchlik kelishuvini ta’minlashga ko‘maklashish” uchun Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasi ustida yashirincha ishlayotganligi haqida xabar berilgan edi.
Bunyod Keldiboyev
Live
Barchasi