YeI Suriyaga qarshi sanksiyalarni yumshatadi

Olam

image

Kecha, 27 yanvar kuni Belgiya poytaxti Bryussel shahridagi yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari Suriyaga qarshi so‘nggi bir necha yil davomida amalda bo‘lgan sanksiyalarni bosqichma-bosqich yumshatish rejasini kelishib oldi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

“Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari hozirgina Yevropa Ittifoqining Suriyaga nisbatan sanksiyalarini yumshatish masalasidagi yo‘l xaritasi bo‘yicha kelishib oldi”, deya yozgan u. 

Kallasning ta’kidlashicha, agar Suriyaning yangi rasmiylari noto‘g‘ri qadam tashlasa, Yevropa mamlakatlari vakillari bu qarorni “qayta ko‘rib chiqishi” mumkin. 

“Euronews”ga ko‘ra, YeI Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi oldidan YeI Kengashi Suriya bo‘yicha muzokaralar uchun hujjat tayyorlagan. Ushbu hujjatda aviakompaniyalarga, jumladan Suriya Arab Havo yo‘llari aviakompaniyalariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish taklifi bilan fuqarolik parvozlarini soddalashtirish, shuningdek, neft va gaz texnologiyalarini eksport qilishni taqiqlash bo‘yicha shartnomani qayta ko‘rib chiqish taklif qilingan. Qayd etilishicha, Bashar Asad va uning tarafdorlariga qarshi sanksiyalar o‘z kuchida qoladi. 

Ushbu hujjatlarga ko‘ra, "Hayat Tahrir ash-Shom" guruhini terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish masalasi BMT Xavfsizlik Kengashi darajasida hal etilishi kerak.

Ma’lumot uchun, YeI 2012 yildan beri Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritib keladi. Bu asosan Suriya hukumati va harbiy tuzilmalariga ta’sir qiladi. Ushbu chora-tadbirlar neft embargosi, ayrim investitsiyalarni cheklash, Suriya Markaziy bankining Yevropa Ittifoqidagi aktivlarini muzlatish va repressiya uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan asbob-uskunalar va texnologiyalarni eksport qilishni cheklashdan iborat edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon Ol Saud AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlardan Suriyaga qarshi sanksiyalarning bekor qilinishi haqida ijobiy xabarlar olganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Suriyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish masalasida AQSH, Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar bilan faol muloqot olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Evropa Ittifoqi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing