YeI Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yarim yilga uzaytirdi
Olam
−
30 yanvar
2627Yevropa Ittifoqi Kengashi 2014 yilda Ukrainadagi vaziyatni beqarorlashtirgani uchun Rossiyaga nisbatan joriy qilingan va 2022 yil fevralida keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin sezilarli darajada kengaytirilgan iqtisodiy sanksiyalarni yana olti oyga, 2024 yil 31 iyulgacha uzaytirdi. Bu haqda kecha, 29 yanvar kuni YeI kengashi saytida e’lon qilingan bayonotda aytildi.
Sanksiyalar keng doiradagi sohalarni qamrab oladi va savdo, moliya, texnologiya va ikkilamchi maqsadlardagi tovarlar, sanoat, transport va hashamatli tovarlarga cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
“Shuningdek, ular Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga neft xomashyosi va ayrim neft mahsulotlarini dengiz importini taqiqlaydi, bir qator Rossiya banklarini SWIFT tizimidan ajratadi va Yevropada Rossiya propaganda resurslari tomonidan dezinformatsiya tarqalishiga to‘siq yaratadi. Bundan tashqari, YeIning Rossiya tomonidan unga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishiga qarshi turish qobiliyatini kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rildi”, deyiladi YeI kengashi matbuot bayonotida.
Yanvar oyi o‘rtalarida Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi uchun Rossiyaga qarshi yangi, 13-sanksiya paketini muhokama qila boshlagani ma’lum bo‘ldi. Yangi jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi kutilmoqda.
“Yevropa kompaniyalari orqali ham, uchinchi mamlakatlardagi vositachilar orqali ham yangi savdo cheklovlari va sanksiyalardan qochishga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlarni joriy etish rejalashtirilmoqda”, deb xabar berdi “Bloomberg”.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar to‘plami urush boshlanganining ikki yilligi – 2024 yilning 24 fevraliga qadar qabul qilinishi rejalashtirilgan. Biroq, buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi, chunki avvalgi paketni tasdiqlash uchun bir necha haftalik muzokaralar kerak bo‘lgan.
LiveBarchasi