YeI Belarusni yangi sanksiyalar paketi bilan siylamoqchi
Olam
−
02 mart 2022
4970Yevropa Ittifoqi Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam munosabati bilan Belarusga qarshi yangi sanksiyalar paketini joriy qilishga qaror qildi. Bu haqda YeIga raislik qiluvchi Fransiya rasmiylari xabar berdi.
Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar vakillari yig‘ilishida Belarusga qarshi yangi sanksiyalar tasdiqlangan. Sanksiya manti 120 ta sahifadan iborat.
Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga Belarus rasmiylari va Rossiya-Ukraina mojarosida qatnashgan bir qator harbiy xizmatchilar kiritilgan. Bu shaxslarning aktivlari muzlatib qo‘yilgan hamda sayohatga chiqishi taqiqlangan.
Shuningdek, Belarus iqtisodiyotining yog‘och, metallurgiya va kaliy sanoati sanksiyalar ostida qoladi. Yangi sanksiyalar Belarusning Yevropa bozoriga ushbu turdagi mahsulotlarini sotishga taqiq qo‘yadi.
Aytish joizki, bundan avvalroq ham YeI Belarus iqtisodiyotining asosiy tarmoqlariga ta’sir ko‘rsatadigan bir nechta sanksiyalar paketini joriy qilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi