Yashirin omborxonasida 1,4 mlrd so‘mlik noqonuniy dorilarni saqlagan shaxs ushlandi
3-sahifa
−
31 iyul 2850 1 daqiqa
Namangan shahrida yashovchi fuqaro yashirin omborxonasida 1,4 milliard so‘mlik noqonuniy dori vositalarini saqlagani aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida DXX, Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 2003 yilda tug‘ilgan shaxsning yashash manzili ko‘zdan kechirilgan.
Natijada, xonadonning yashirin omborxonasida xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan Ortofen, Neyroks, Tirozol, Siofor va boshqa shu kabi jami 28 turdagi 28 928 dona dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Qayd etilishicha, mamlakat hududiga noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan ushbu dori vositalarining taxminiy qiymati 1,4 milliard so‘mni tashkil etadi.
Bildirilishicha, hozirda dori vositalariga nisbatan ekspertiza tekshiruvlari tayinlanib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus tumanida noqonuniy dori vositalarini saqlash, tayyorlash va sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlangan edi.
Live
Barchasi