Yarim yil ichida 9 ming fuqaro O‘zbekistondan “surdi”

Jamiyat

image

2023 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga ko‘chib ketganlar, ya’ni “surganlar” soni 9 ming kishidan oshdi. Bu haqda Statistika agentligining yanvar-iyun oylariga oid yarim yillik hisobotida keltirilgan.

O‘tgan yili yanvar-dekabr oyida jami 8 ming 790 kishi O‘zbekistonni butunlay tark etgan edi. Bundan ko‘rinadiki, 2023 yilning atigi yarim yilida xorijga ko‘chib ketganlar soni butun boshli 2022 yilgi ko‘rsatkichlardan ancha ko‘p.
Chet elga surganlarning 78,6%, ya’ni 7 mingdan oshig‘i Qozog‘istonga, 1,5 mingdan oshig‘i esa Rossiyaga ketishni afzal bilgan. Qizig‘i, 2022 yilning yanvar-iyun holatiga ko‘ra, O‘zbekistondan Rossiyaga ancha kamroq, faqatgina 421 kishi ko‘chib ketgan edi. 

Shuningdek, 43 kishi Qirg‘izistonga, 27 kishi Turkmanistonga, 20 nafar fuqaro Tojikistonga va 250 nafar o‘zbekistonlik boshqa mamlakatlarga bosh olib chiqib ketgan.

Eng yomoni, ko‘chib ketganlar yosh guruhlari bo‘yicha taqsimlaganda ularning katta qismi, ya’ni 82,3 % mehnatga layoqatli yoshdagilarni tashkil qilishini ko‘rish mumkin. Bunda faqat 9,3 % mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar va 8,4 % mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

2023 yilning yarmigacha xorijiy mamlakatlardan O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni esa atigi 1 581 kishi. Ko‘chib kelganlar orasida Rossiya fuqarolari yetakchilik qilmoqda – 582 nafar fuqaro. Bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 2,25 barobarga ko‘pdir. Qozog‘istondan esa 382 kishi doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan.

Xullas, O‘zbekistonga xorijdan doimiy yashash uchun ko‘chib kelganlar o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan ancha kamaygan, mamlakatdan ko‘chib ketganlar, yoki boshqacha qilib aytganda “surganlar” o‘tgan yilga qaraganda 6,4 barobarga ko‘paygan.
 


Maqola muallifi

Teglar

ko'chib kelganlar Statistika agentligi ko'chib ketganlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing