Suyunchi: O‘zbekistonda kambag‘allikning chegarasi yangilandi
Jamiyat
−
18 iyul 2023
28403O‘zbekistonda 2023 yil uchun hisoblangan kambag‘allik chegarasi – minimal iste’mol xarajatlari bir oyda bir kishiga 568 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatgich 2022 yilda 498 ming so‘mga, 2021 yilda esa 440 ming so‘mga teng bo‘lgan edi.
Agentlikka ko‘ra, jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
• davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
• mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
• kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
• pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Ammo minimal iste’mol xarajatlari aslida har yilning 20 yanvarigacha e’lon qilinishi kerak edi. Statistika agentligi esa belgilangan muddatdan deyarli yarim yil o‘tib bu ko‘rsatkichni e’lon qildi.
Bunga sabab esa Vazirlar mahkamasi 27 fevralda qabul qilgan yana bir qaror loyihasi bo‘lib, unga ko‘ra, minimal iste’mol xarajatlari iyul oyida e’lon qilinishi belgilangan.
Minimal iste’mol xarajatlari nima uchun muhim?
Jahonda bu ko‘rsatkichdan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalaniladi. Bu orqali pensiya va nafaqa miqdorlarining eng kami ham belgilanadi.
Aholining kambag‘al qatlami ham aynan minimal iste’mol xarajatlari orqali aniqlanib, ularga moddiy yordam beriladi.
Ya’ni 2023 yilda O‘zbekistonda bir oyda bir kishi 568 ming so‘mdan kamroq pul ishlab topsa, demak, bu uning minimal iste’mol xarajatlari uchun yetmaydi va u rasman kambag‘al hisoblanadi. Ammo, bu ko‘rsatkich O‘zbekistonning turli hududlarida oziq-ovqat narxiga qarab turlicha bo‘lishi mumkin.
LiveBarchasi