Migrantlar bo‘lmasa, O‘zbekistonning holiga voy – Jahon banki

Jamiyat

image

Agar migrantlarning pul o‘tkazmalari bo‘lmasa, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,9 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkin. Bu haqda Jahon banki taqdim etgan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi migratsiya masalalari bo‘yicha tadqiqotda so‘z boradi.

Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo (YeMO) mintaqasidagi migratsiyaning zamonaviy tendensiyalari, muammolari va imkoniyatlari tahlilini o‘z ichiga olgan yangi tadqiqotni taqdim etdi. Hisobot taqdimotida tashqi migratsiyani tartibga solish uchun mas’ul davlat organlari vakillari, shuningdek, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan ekspertlar ishtirok etgan.

2023 yil holatiga ko‘ra, tojikistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojirlarining 80 foizdan ortig‘i Rossiyaga yo‘l olgan. O‘zbekistonlik muhojirlar oqimi ko‘proq diversifikatsiyalangan: 57 foizi Rossiyada, 15 foizi Qozog‘istonda va 10 foizi Ukrainada ishlaydi.

Markaziy Osiyo mamlakatlarida mehnat migratsiyasi millionlab fuqarolar uchun asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2024 yil holatiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari Tojikiston yalpi ichki mahsulotining 45 foizini tashkil etgan – bu nisbiy ma’noda dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkich. Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalarining YAIMdagi ulushi 24 foizga, O‘zbekistonda esa 14 foizga yetgan.

Ushbu mamlakatlardan kelgan muhojirlar chet elda ishlash orqali o‘z daromadlarini ikki yoki uch baravar oshirishlari mumkin, bu esa ularning oilalari turmush darajasini sezilarli darajada yaxshilaydi. Xususan, Qirg‘izistonda pul o‘tkazmalari oladigan uy xo‘jaliklari orasida kambag‘allik darajasi 10 foizdan kam, ularsiz esa 50 foizdan oshgan bo‘lardi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari bo‘lmaganda mamlakatdagi kambag‘allik darajasi 9,6 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkin.

Jahon bankining “Oldinga yo‘l: Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida muvaffaqiyatli migratsiyani qo‘llab-quvvatlash” hisobotida YeMO mintaqasidagi migratsiya tendensiyalari va ularning davlat siyosatiga ta’siri atroflicha tahlil qilingan. U aholining transchegaraviy mobilligining afzalliklari va muammolari bo‘yicha yanada muvozanatli va dalillarga asoslangan munozaralarni shakllantirishga hissa qo‘shadi.

“Oqilona boshqaruv yo‘lga qo‘yilsa, migratsiya YeMO mintaqasidagi ijtimoiy-demografik nomutanosibliklarni bartaraf etishning muhim vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Biroq uning iqtisodiy salohiyatidan hali to‘liq foydalanilmayapti”, deyiladi hisobotda.

Migratsiyani samarali tartibga solish va uning afzalliklarini adolatli taqsimlashda xalqaro muvofiqlashtirish muhim rol o‘ynaydi.

Hisobotda quyidagi davlat siyosati choralari taklif etilgan:

Tegishli davlat siyosati choralarini ishlab chiqish uchun migratsiyaning har xil turlarini belgilash.

Ushbu chora-tadbirlar yuqori malakali va past malakali muhojirlar, shuningdek, iqtisodiy imkoniyatlarni izlayotganlar va qurolli mojarolar tufayli o‘z mamlakatini tark etishga majbur bo‘lganlar o‘rtasidagi farqlarni hisobga olishi kerak. Ushbu sohadagi siyosat ilmiy ma’lumotlarga asoslanishi, ham milliy, ham mintaqaviy darajada muvofiqlashtirilishi lozim.

Mehnat unumdorligini oshirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, fuqarolar va iqtisodiyot farovonligini oshirish maqsadida mahalliy mehnat resurslari raqobatbardoshligini oshirish strategiyasida migratsiyaning turli jihatlarini integratsiyalash.

Milliy darajada bu ichki mehnat bozorini rivojlantirish bo‘yicha mavjud dasturlar doirasida zarur ko‘nikma va bilimlarni egallash imkoniyatlarini ta’minlash, shuningdek, mehnat migrantlari oqimini istiqbolli tashqi bozorlar ehtiyojlariga muvofiq samarali taqsimlashga qaratilgan immigratsiya strategiyalarini ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Migratsiyaning tegishli jihatlarini milliy ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyalariga integratsiyalash orqali “aql oqimi” tendensiyasini “aql o‘sishi”ga aylantirish.

Migrantlarning o‘z yurtlaridagi davlat organlari mehnat bozori ehtiyojlari monitoringini amalga oshirish va talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun ta’limni birgalikda moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish orqali bunga hissa qo‘shishlari mumkin.

Shuningdek, mehnat bozorini isloh qilish va xorijda ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish orqali malakali migrantlarning o‘z mamlakatiga qaytishini rag‘batlantirish zarur.

Xavfsiz va tashkillashtirilgan migratsiya mexanizmlarini rivojlantirish.

Migrantlarning o‘z mamlakatlarida ro‘yxatga olish tizimlarini joriy etish va migrantlarni qabul qiluvchi davlatlar bilan chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ikki tomonlama shartnomalar tuzish muhimdir. Aholini boshqa mamlakatlarda ishga joylashish imkoniyatlari to‘g‘risida ishonchli axborot bilan ta’minlash zarur.

Migrantlarning o‘z mamlakatlaridagi davlat organlari o‘z fuqarolarining ijtimoiy ta’minoti va sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlarning migrantlarni qabul qiluvchi davlatlarga “transfer” qilinishiga erishish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni tashkil etgani xabar qilingandi. Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan. Mazkur transferlarning qolgan qismi Qozog‘iston (699 mln dollar), AQSH (470 mln dollar), Janubiy Koreya (458 mln dollar), Turkiya (331 mln dollar), Buyuk Britaniya (109 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Jahon banki Markaziy Osiyo kambag'allik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing