O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln so‘mdan oshdi
Jamiyat
−
26 Oktabr
3659Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida o‘rtacha nominal hisoblangan oylik ish haqi inflyatsiya hisobga olinmagan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,42 million so‘mdan 5,15 million so‘mga (16,4 foizga) oshdi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, nominal hisoblangan ish haqi – ma’lum bir davr (soat, oy, yil) mobaynida xodim tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot (bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat) evaziga ish beruvchilar tomonidan, amaldagi qonun hujjatlariga asoslangan holda soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga oluvchi yollanma xodimning mehnatiga haq to‘lash tarzida jismoniy shaxsga pul shaklida hisoblangan daromadlardan iborat. O‘rtacha ish haqini aniqlash uchun mehnat daftarchalari bo‘lgan ishchilarning daromadlari, shuningdek, shaxsiy daromad solig‘i va kasaba uyushma jamg‘armasiga badallar to‘langan holda ularga beriladigan nafaqalar, ish haqi, rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lovlari hisobga olinadi.
Hisobotga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqi 4 yil ichida 2,56 million so‘mdan 5,15 million so‘mga (49,8 foiz) ko‘tarilgan. Hududlar kesimida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi – 8,68 million so‘m. Keyingi o‘rinlarda Navoiy (6,61 mln so‘m) va Toshkent viloyati (4,95 mln so‘m) qayd etilgan. O‘rtacha oylik ish haqining eng kam miqdori Qashqadaryo (3,62 mln so‘m), Surxondaryo (3,67 mln so‘m) va Namangan viloyatiga (3,75 mln so‘m) to‘g‘ri keladi.
O‘rtacha oylik ish haqi faoliyat turlari bo‘yicha kesimda olinganda, eng yuqori ko‘rsatkich bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik faoliyatiga to‘g‘ri keladi – 2020 yildagi 5,81 mln so‘mdan 2024 yilning joriy davrida 14,48 mln so‘mga (40,12 foiz) o‘sgan. Bu kesimda eng past ko‘rsatkich ta’lim va sog‘liqni salash sohalarida qayd etilgan.
Xususan, ta’limda o‘rtacha oylik ish haqi 2024 yilning yanvar-sentyabr oylarida 3,48 million so‘mni tashkil qilgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 14,3 foiz o‘sgan.
Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida ayni ko‘rsatkich yanvar-sentyabr iylarida 3,30 million so‘mni tashkil etgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 12,9 foiz o‘sgan.
LiveBarchasi