Yarim mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilganlar ushlandi

3-sahifa

image

Respublikaning 3 hududida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Departamentning Shofirkon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “P.N.” MCHJ rahbari A.Sh. “Quchoq” MFY hududidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan, vizual aniqlab bo‘lmaydigan tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, 146,5 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda Xo‘jayli tumanidagi “B.M.” nodavlat ta’lim muassasasi mas’ul shaxslari muassasa binosini tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida yashirin tarzda ulab, 116,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.

Xuddi shunday, “H.C.” nodavlat ta’lim muassasasi mas’ul shaxslari ham muassasa binosida 137,8 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.

Bundan tashqari, Departamentning Hazorasp tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro D.K. “Jaloyir” MFY hududidagi novvoyxonasini tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulab, 99,8 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur to‘rtta holatda jami 500,4 mln so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani qayd etilgan.

Bildirilishicha, holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida 797 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing