Narxi oshayotgan gaz, o‘chmasligi va’da qilinayotgan “svet”, ozodlikka chiqqan Odil qori, lavozimidan uchgan “kattalar” – Hafta tahlili
Tahlil
−
20:48 907 13 daqiqa
Suyunchi bering, O‘zbekistonda 1 noyabrdan boshlab isitish va issiq suv tariflari o‘rtacha 30 foizga oshirilyapti. Toshkentda 16 yashar qiz o‘z uyida osilgan holatda topildi. Namangandagi bog‘chada 5 yashar qizchaning jinsiy zo‘rlanishi ortidan pedofillarga umrbod qamoq jazosini berishga oid qonun Prezident tomonidan tasdiqlandi. Saida Mirziyoyeva Turkiyaga borib, Prezident Erdo‘g‘an bilan uchrashib qaytdi, Shavkat Mirziyoyev esa unga yangi vazifa yukladi. Toshkentning birdaniga to‘rtta tumanida hokim o‘zgardi. Toshkent viloyatida hokim o‘rinbosari 25 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi.
Toshent shahrida 16 yashar qiz o‘z uyida osilgan holatda topildi.
Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, 12 oktyabr kuni Toshkent shahri Olmazor tumani “Ibrohim ota” MFY, Chuqursoy ko‘chasida joylashgan xonadonda 2010 yil 17 avgustda tug‘ilgan qizning vafot etgani aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning ukasi uy eshigi qulflanganligi sababli balkon orqali xonadonga kirganida, opasini osilgan holatda ko‘rgan. Hodisa joyiga yetib borgan tez tibbiy yordam xodimlari uning vafot etganini qayd etgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Namangandagi bog‘chada 5 yashar tarbiyalanuvchi qizaloq maktabgacha ta’lim tashkilotining ombor mudiri tomonidan zo‘rlanishi ortidan mamlakatda bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi jazo choralarini kuchaytirish bo‘yicha qadamlar tashlangandi. Prezident tugayotgan haftada 5 ta kodeks va 6 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, bundan buyon 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi tayinlanadi. Bunday og‘ir jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortish muddatida cheklov bo‘lmaydi.
Uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish yigirma yildan ortiq, lekin yigirma besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga belgilanadi va faqat javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning to‘rtinchi qismi), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning to‘rtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun tayinlanishi mumkin.
Umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish (97-moddaning ikkinchi qismi), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish (118-moddaning to‘rtinchi qismi), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki uning ojizligidan foydalanib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-moddaning to‘rtinchi qismi), terrorizm (155-moddaning uchinchi qismi) uchun belgilanadi.
Bundan tashqari, Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, jinsiy zo‘ravonlikka oid jinoyat ishlari bo‘yicha voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarga davlat hisobidan advokat ajratiladi.
Qolaversa, Jinoyat kodeksining 276–10-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Endi voyaga yetmaganlarni spirtli ichimliklar yoki aqliy-irodaviy faoliyatga ta’sir etuvchi vosita va moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun, shunday qilmish uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin, jarima miqdori yuz va ikki yuz baravardan bir yuz ellik (66 mln so‘m) va ikki yuz ellik (110 mln so‘m) baravargacha oshirildi. Bundan tashqari, shunday qilmish uchun 360 soatdan 400 soatgacha majburiy jamoat ishlari, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bungacha ozodlikdan mahrum qilishning eng yuqori muddati uch yilni tashkil etardi.
Shu bilan birga, voyaga yetmagan shaxslarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglari, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning alohida toifasini iste’mol qilishga jalb etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosi 3–5 yildan 5–7 yilgacha oshirildi. Agar jinoyat takroran, ikki yoki undan ortiq voyaga yetmagan shaxsga nisbatan yoki ta’lim muassasasi hududida sodir etilsa, shuningdek, inson o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelsa, 7 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi. Avval bunday holatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi nazarda tutilgandi.
O‘zbekiston 2030 yilgacha elektr energiyasi bo‘yicha 22 ming megavatt yangi quvvatlarni yaratmoqchi. Va’da qilinishicha, natijada elektr energiyasi ishlab chiqarishning yillik hajmi 129 milliard kilovatt-soatdan oshadi, qayta tiklanuvchi energiya ulushi 54 foizga yetadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi yirik xorijiy investorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Ular orasida Saudiya Arabistoni, Turkiya, Ozarbayjon, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, O‘monning energetika sohasidagi yirik xususiy kompaniyalari bor.
Prezidentga ko‘ra, 2030 yilgacha 5 ming kilometr tarmoq va 16 ta yirik podstansiya qurish, energiya saqlash quvvatlarini 4,5 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Loyihalarning katta qismi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Samarqand, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Davlat rahbari bu haqda gapirarkan, endi xato qilish mumkin emasligiga alohida to‘xtaldi.
Prezidentning aytishicha, tez orada umumiy quvvati 2 ming 200 megavatt bo‘lgan 6 ta quyosh va shamol stansiyasi loyihasi ochiq tanlovga chiqariladi. Birinchi marta energetika sohasining 2050 yilgacha bo‘lgan Milliy bosh rejasi ishlab chiqilib, ochiq e’lon qilinadi. Kelgusi yil 1 martgacha tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari xaritasi, 1 iyulga qadar to‘liq bosh reja taqdim etiladi.
Prezident yangi stansiyalar bilan birga elektrni iste’molchiga yetkazib beradigan tarmoqlarni ham rivojlantirish zarurligini aytdi. Generatsiya, uzatish va energiya saqlash tizimlari o‘zaro bog‘liq holda ishlashi kerak.
O‘zbekistonda 3 million 800 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanadi. Ilgari davlat monopoliyasida bo‘lgan mazkur ta’minot tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlari joriy qilinayotganiga ham to‘xtaldi davlat rahbari.
Kelasi o‘quv yilidan mahalliy oliygohlarda energetika yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari oshiriladi. Dunyoning yetakchi universitetlarida o‘qish uchun har yili 50 nafar yoshga davlat granti ajratiladi.
Xullas, aytishga arzigulik gaplar ko‘p: Yoqilg‘i-energetika sohasida investorlar kengashi tashkil etilmoqda. Kengashga Prezident Administratsiyasi Rahbari Saida Mirziyoyeva boshchilik qiladi. Prezident buning sababini shunday tushuntirdi.
Davlat rahbari investorlarga yuzlanar ekan, O‘zbekistonga quruq sarmoya emas, qalban bog‘langan o‘zaro ishonch va chin sheriklik kerakligi, muloqotdan asosiy maqsad ham shu ekanini aldohida urg‘uladi.
O‘zbekistonda joriy yil 1 noyabrdan boshlab isitish (issiqlik energiyasi) va issiq suv tariflari o‘rtacha 30 foizga oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 13 oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Issiqlik ta’minoti sohasida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida so‘z borgan.
“Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlashning bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxini esa 1 kg uchun 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga oshirish nazarda tutilmoqda. Bunda ehtiyojmand oilalarga oyiga 20 kg gacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi, ya’ni ular uchun narx me’yor doirasida 2 ming so‘mligicha qoladi. Buning uchun 158 mlrd so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi uchun isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me’yorini oshirish taklif etilmoqda. 2026 yil 1 noyabrdan oylik bazaviy me’yorni amaldagi 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, 201–350 kVt·soat oralig‘idagi elektr energiyasi amaldagi 900 so‘mdan emas, balki 650 so‘mdan hisoblanadi. Bu qo‘shimcha hajm uchun tarifning qariyb 28 foizga pasayishini anglatadi.
Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktyabr – fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr – fevral oylarini qamrab oladi.
2026 yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martali 1 mln so‘mdan yordam ajratish rejalashtirilgan. Elektr va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya olish mezoni ham kengaytiriladi, bu bilan 166 ming oila qamrab olinadi.
Bazaviy me’yordan yuqori iste’mol uchun kompensatsiya berish muddatini 2027 yil 1 apreldan 2028 yil 1 aprelga qadar uzaytirish taklif etilmoqda. Bu 470 ming oilaning yana bir yil davlat ko‘magidan foydalanishini ta’minlaydi. Mazkur maqsad uchun qo‘shimcha 150 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning bu haftadagi kun tartibi tig‘iz kechdi. Joriy yilning 30–31 oktyabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdagi sammiti oldidan Saida Mirziyoyeva ushbu mamlakatga borib, mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning qabulida bo‘ldi.
Erdo‘g‘an va Mirziyoyeva uchrashuvi o‘ta samimiy ruhda kechgani tasvirlardan ma’lum.
“Janob Prezidentga samimiy qabul, O‘zbekistonga qaratilayotgan alohida e’tibor hamda qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman”, deydi Saida Mirziyoyeva.
O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida liderlarning oilaviy rishtalari ham alohida o‘rin tutadi. Xususan, Erdo‘g‘an O‘zbekistonga kelgudek bo‘lsa, unga albatta rafiqasi Emina Erdo‘g‘an va farzandlari hamrohlik qiladi. O‘zbekiston rahbarining Turkiyaga tashriflarida ham yumshoq kuch vositalari alohida ko‘zga tashlanadi.
Saida Mirziyoyevaning tashrifida ham bu sezildi. Unga Erdo‘g‘anning kenja qizi Sumaya turmush o‘rtog‘i Selchuk Bayroqdor bilan peshvoz chiqib, “Baykar” kompaniyasi bilan tanishtirdi. Kompaniya nafaqat mamlakat yo mintaqada, balki dunyoda mudofaa sanoati sohasida yetakchilardan hisoblanadi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi, Rossiya – Ukraina urushi, Suriya va Liviyadagi harbiy harakatlarda foydalanilgan “Bayraktar” dronlari muallifi aynan Erdo‘g‘anning kuyovi sanaladi. Uning rahbarligida “Akıncı”, “Kızılelma” oxirgi avlod dronlari ham ishlab chiqarilgan. O‘zbekiston mudofaasida esa “Bayraktar TB2”, “Akıncı” dronlaridan foydalaniladi.
Saida Mirziyoyeva Prezidentning o‘g‘li Najmiddin Bilol Erdo‘g‘an hamrohligida Istanbul Ibn Xaldun universiteti va “Yenido‘g‘u” maktabiga ham borgan.
“Ushbu muassasalarning o‘qitish uslublari, yondashuvlari menda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda ta’lim sifatiga, yoshlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish va ularda mustaqil fikrlash ko‘nikmasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Sud hukmi bilan joriy yilning iyul oyida 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Odilxon qori Ismoilov tugayotgan havftada sud zalidan ozod qilindi.
Odilxon Ismoilovga oid ish Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, 12 oktyabr kuni apellyatsiya sudining ajrimi e’lon qilingan.
Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga topshirilgan. Shuningdek, sudlangan Odilxon Ismoilovga tegishli mulkning bankning talabiga asosan bank balansiga qabul qilinishi belgilangan va xatlangan mulklar sotilib, zararni qoplashga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, Odilxon Ismoilov va uning yaqin qarindoshlariga tegishli mulklar zararni qoplashga yo‘naltirilgan. Shu asosda Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilib, 3 yil sinov muddati bilan Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanishi belgilangan.
Hafta boshi kutilmagan iste’fo bilan boshlandi. 2024 yilning noyabridan buyon O‘zbekiston Mudofaa vazirligini boshqarib kelayotgan general-mayor Shuhrat Xolmuhammedov iste’foga chiqarildi. O‘zbekiston Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov Holmuhamedovning kutilmagan iste’fosini boshqa ishga o‘tayotgani bilan bog‘ladi, biroq hafta davomida unga qaysidir lavozim berilgani haqida aniq ma’lumot e’lon qilinmadi.
Mudofaa vaziri lavozimini prokuratura organlaridan chiqib, 2022–2025 yillarda Harbiy prokuror, so‘ng bir yil Favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘lgan Botir Qudratxo‘jayev egalladi. U shu yilning yanvar oyida Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari – Tezkor qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.
Shuningdek, o‘tgan hafta Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari – Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimini egallagan Erkinjon Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi kursisini bo‘shatgan edi. Bu hafta kursining egasi topildi. Hokimlik kursisini Prezidenti Adminstratsiyasining sobiq rahbari – hozirda Bekobod tumanini boshqarib kelayotgan Zaynilobiddin Nizomiddinov egallarkan degan gaplar ortidan hokimlikka Prezident Administratsiyasida Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departament rahbari bo‘lib ishlab kelayotgan Doniyor Qodirov tayinlandi.
Shuningdek, tugayotgan haftada Toshkentning 4 ta tuman hokimi ham kursisini boshqalarga topshirdi. Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayev, Yashnobod tumani hokimi Baxtiyor Rahmonqulov va Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omov va Yakkasaroy tumani hokimi Nilufar Allaberganova lavozimidan ketdi. Suyagi prokuratura organlarida qotgan Yakkasaroyning glamur hokimi Nilufar Allaberganova o‘sha kunning o‘zidayoq Toshkent shahar prokurori o‘rinbosarligiga tayinlandi. Yashnobodni boshqargan Baxtiyor Rahmonqulov Favqulodda vaziyatlar vazirligi inspeksiyasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Yashnobod hokimligini esa Abdulaziz Abdulhaqov qabul qilib oldi. Shuningdek, Yangihayot, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlariga ham hokimlar tayinlandi.
Endi Yangihayotni 37 yashar Lazizbek Temirov, Chilonzorni 40 yashar Hayot Inog‘amov, Yakksaroyni 39 yashar Akmal Jumaboyev boshqaradi.
Hokimlardan uzoqlashmaymiz. Toshkent viloyatining Toshkent tumani hokimi o‘rinbosari 25 ming AQSH dollari pora bilan qo‘lga tushdi.
hokim o‘rinbosari tadbirkorga qurilish texnologiyalari va kompozit eshiklar ishlab chiqarish sanoat majmuasini tashkil etish uchun tuman hokimligi balansida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini auksion savdolariga chiqarib, olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u Davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi tanishlari orqali masalani hal qilib berishini aytib, 25 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan hokim o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “g” bandi hamda 28-modda (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (Pora berish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fermerlarni haqoratlab, kartoshka ekmasa yerlarini tortib olish va “jonini sug‘urib olish” bilan tahdid qilgan Toshkent viloyatining Piskent tumani hokimi Muzaffar Oripovga hayfsan berildi. Shu hafta uning fermerlarni haqoratlagani yozib olingan audio internetga sizdirilgandi.
Shunga qaramay, Piskent tumani hokimligi e’lon qilgan bayonotda hokimning harakatlariga nisbatan oqlovni payqaysiz.
“Shuni unutmaslik kerakki, yer fermerning xususiy mulki emas. Yer – xalqning bebaho boyligi bo‘lib, undan foydalanish qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi. Fermer yerdan o‘z bilganicha foydalanish emas, balki belgilangan maqsad va majburiyatlarga muvofiq ish yuritish mas’uliyatini ham zimmasiga oladi. Agar har kim o‘z manfaatini ko‘zlab, belgilangan vazifalarni chetlab o‘tib ish yuritsa, xalq manfaatlari qayerda qoladi? Bugun mamlakatimizda kartoshka importini kamaytirish, ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash va qish mavsumi uchun yetarli zaxira yaratish maqsadida ishlar olib borilayotgan bir paytda, kartoshka ekilishi lozim bo‘lgan maydonlarni boshqalarga sotib yuborish va natijada belgilangan rejani bajarmaslikka befarq qarab bo‘lmaydi. Chunki ekilmay qolgan har bir gektar yer – bu shunchaki bajarilmagan reja emas, balki mahalliy mahsulot yetishtirish imkoniyatining boy berilishi va aholi ta’minotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omildir”, deyiladi munosabatda.
Qozog‘iston xorijiy fuqarolar uchun mamlakatga kirishga elektron ruxsatnoma olish tartibini joriy etadi. Yangi qoidalar joriy yil 24 oktyabrdan kuchga kiradi. Ruxsatnoma esa 2027 yil iyulidan boshlab majburiy bo‘ladi.
Yangi talab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari hamda Qozog‘iston bilan vizasiz rejim o‘rnatilgan davlatlar, jumladan O‘zbekiston fuqarolariga taalluqli.
Ariza raqamli platforma orqali topshiriladi. Buning uchun mamlakatga kirishdan kamida 72 soat oldin murojaat qilish lozim. Ruxsatnoma bepul rasmiylashtiriladi va 180 kalendar kun davomida amal qiladi.
2027 yil 1 iyulgacha davom etadigan o‘tish davrida ruxsatnomaning yo‘qligi xorijiy fuqarolarning Qozog‘istonga kirishini rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 65 yoshdan oshgan shaxslar, amaldagi Qozog‘iston vizasi yoki yashash guvohnomasiga ega xorijliklar, diplomatlarning ayrim toifalari va rasmiy delegatsiyalar a’zolari ushbu talabdan ozod etiladi.
Vizasiz rejim asosida mamlakatga kirgan xorijliklar umumiy qoidaga ko‘ra, bir tashrif davomida 30 kungacha qolishi mumkin. Bunda 180 kunlik davr ichida mamlakatda bo‘lishning umumiy muddati 90 kundan oshmasligi kerak. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlari fuqarolari uchun esa 180 kunlik davr ichida Qozog‘istonda 90 kungacha bo‘lish muddati belgilangan.
Live
Barchasi