Yaponiyada Olimpiada inshootlari uysizlarga taqdim qilinadi
Olam
−
18 aprel 2020
4197Koronavirus tarqalishi munosabati bilan Tokiodagi Olimpiyada inshootlariga uysiz odamlarni vaqtincha joylashtirish taklif etildi. Tegishli petitsiya change.org platformasida chop etildi.
Ushbu petitsiyani Yaponiya bo‘ylab onlayn tarzda imzolash boshlangan. Bugun, 18 aprelning o‘zida uni 52 mingdan ortiq odam imzolagan. Ushbu taklifni hukumat ko‘rib chiqishi uchun umumiy 75 mingta imzo kerak bo‘ladi.
“Tokioda mingga yaqin uysizlar bor, yana 4 ming kishi Internet-kafelarda uxlashadi. Shuningdek, ko‘plab odamlar o‘z uylarida zo‘ravonlikka uchragani uchun vaqtni tashqarida o‘tkazishga majbur bo‘lishmoqda“, deyiladi petitsiyasining matnida.
Ta’kidlanishicha, Olimpiyada maydonlari qariyb 17 ming kishini qabul qila oladi. Bu Tokiodagi barcha uysizlarni joylashtirishga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Tokioda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan Olimpiyada 2021 yilga qoldirilgani haqida xabar bergan edik.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiyada koronavirus bilan bog‘liq 9 787 ta holat aniqlangan. Kasallanganlarning 935 nafari sog‘aygan, 190 nafari esa vafot etgan. Mavjud bemorlar soni 8 662 kishini tashkil qilmoqda.