Olimpiada o‘yinlari o‘tadigan aniq sana belgilandi
Sport
−
30 mart 2020
12955Tokioda o‘tadigan Olimpiada o‘yinlari 2021 yilning 23 iyul kuni, Paralimpiyada o‘yinlari esa 24 avgustdan boshlanadi. Bu haqda bugun, 30 mart kuni NHK telekanali xabar bermoqda.
Telekanal taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (HOQ), “Tokio-2020” tashkiliy qo‘mitasi, Yaponiya poytaxti hokimiyati va Yaponiya hukumati mazkur kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, Olimpiada o‘yinlari 8 avgustda, Paralimpiada o‘yinlari esa 5 sentyabr kuni nihoyasiga yetadi.
Koronavirus tufayli o‘yinlarni keyingi yilga kechiktirish to‘g‘risidagi kelishuvga XOQ rahbari Tomas Bax, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va “Tokio-2020” tashkiliy qo‘mitasi rahbari Yosiro Mori o‘rtasida 24 mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati paytida erishildi. Aslida, musobaqalar joriy yilning 24 iyulidan 9 avgustiga qadar o‘tkazilishi kerak edi.
XOQ katta moliyaviy yo‘qotishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida 2020 yilgi Olimpiada o‘yinlarini keyinga qoldirishga uzoq vaqt rozi bo‘lmadi. Eng katta zarar Yaponiya zimmasiga tushdi – mamlakat konservativ hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘yinlarni o‘tkazish uchun 12 milliard dollar sarflagan. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Olimpiadani ko‘chirish reklama beruvchilarga 1 milliard dollarga tushishi mumkin.