Timsohlarga to‘la daryo Olimpiadaga mezbonlik qiladi
Sport
−
14:58 1763 1 daqiqa
2032 yilgi Olimpiada o‘yinlarida eshkak eshish musobaqalari timsohlar yashaydigan Fitsroy daryosida o‘tkaziladi. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi mazkur hududni musobaqalar o‘tkaziladigan joy sifatida tasdiqlagan.
Avvalroq, 2032 yilgi Brisben Olimpiada va Paralimpiada o‘yinlari uchun sport inshootlarini modernizatsiya qilish va qurishga mas’ul Avstraliyaning O‘yinlar mustaqil infrastrukturasi va muvofiqlashtirish boshqarmasi (GIICA) Fitsroy daryosini kanoe va baydarka musobaqalarini o‘tkazish uchun yaroqli deb topgan.
GIICA mutaxassislari daryodagi barcha zarur parametrlarni tekshirib, ular xalqaro federatsiya talablariga javob berishini ma’lum qilgan. Kvinslend bosh vaziri Devid Krissafulli ham mintaqaviy hokimiyat timsohlar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni bartaraf etishini bildirgan.
Avstraliya Olimpiya eshkak eshish jamoasi a’zolari so‘nggi yillarda Fitsroy daryosida mashg‘ulotlar o‘tkazib kelgan. Shuningdek, daryoda muntazam ravishda universitetlar o‘rtasidagi musobaqalar ham tashkil etiladi.
2032 yilgi Olimpiada o‘yinlari Avstraliyaning Brisben shahrida bo‘lib o‘tadi. Musobaqalarning ayrim turlarini shahardan tashqarida, jumladan, mintaqaviy markazlarda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, Fitsroy daryosi o‘zining tabiiy go‘zalligi bilan birga timsohlar bilan to‘la hudud sifatida tanilgan.
Live
Barchasi