Ehrom toshidan 45 mln yillik timsohning yangi turi topildi
Bu qiziq
−
08:49 1762 2 daqiqa
Olimlar Misrdagi Buyuk Sfinks va Giza ehromlari qurilishida ishlatilgan ohaktosh qatlamidan topilgan qoldiqlarni qayta o‘rganib, taxminan 45 mln yil avval yashagan timsohning yangi turini aniqladi. Unga Herugavialis cairensis nomi berildi. Bu haqda “Royal Society Open Science” jurnalida chop etilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yangi turga tegishli qazilma qoldiqlar Misr shimolidagi Mokattam qatlamidan topilgan. Bu hudud 45 mln yil avval sayoz dengiz bo‘lgan. Unda baliqlar, akulalar va dastlabki kitlar kabi qadimgi dengiz hayvonlarining ko‘plab qoldiqlari saqlanib qolgan.
Mokattamdagi ohaktoshdan qadimgi misrliklar keyinchalik mashhur yodgorliklarini, jumladan, Buyuk Sfinks va Giza ehromlarini qurishda foydalangan.
Tadqiqotchilar o‘rgangan asosiy topilmalardan biri deyarli to‘liq timsoh bosh suyagi bo‘lgan. U 1920 yillarda topilgan. Qizig‘i, bosh suyagining tumshug‘i uch qismi yo‘q. Bu jihati burni yo‘qolgan Buyuk Sfinksni eslatadi. Shu o‘xshashlik sabab olimlar yangi urug‘ga qadimgi Misr xudolaridan biri Xorus nomidan kelib chiqqan Herugavialis deb nom bergan.
Qoldiqlar dastlab, 1927 yilda, hozirgi soxta gavialga o‘xshashligi sababli Tomistoma cairense deb tasniflangan. Biroq yangi tadqiqotda olimlar qazilmalarni evolyutsion tahlil va kompyuter tomografiyasi yordamida qayta tekshirgan. Natijada ular Tomistoma urug‘iga mansub emasligi aniqlangan.
“Herugavialis cairensis – 66 mln yildan 23 mln yil avvalgacha bo‘lgan davrda O‘rta Yer dengizida yashagan gaviallarning oltinchi turi. Biz hali bilmaydigan boshqa turlar ham bo‘lishi mumkin”, degan tadqiqot mualliflaridan biri, paleontolog Pol Berk.
Herugavialis uzun va ingichka tumshuqqa ega bo‘lgan. Uning o‘tkir va uchli tishlari baliq tutishga moslashgan. Olimlar bu timsoh Mokattam hududida yashagan baliqlar bilan oziqlangan deb hisoblaydi. Uning ko‘zlari ham hozirgi hind gavialinikiga o‘xshab bosh suyagidan biroz bo‘rtib turgan bo‘lishi mumkin. Bu uning yarim suvda yashaydigan yirtqich bo‘lganini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda gaviallarning atigi ikki turi mavjud. Ulardan biri Hindiston yarimorolida yashaydigan hind gaviali bo‘lsa, ikkinchisi Janubi-Sharqiy Osiyoda uchraydigan soxta gavialdir. Biroq gaviallarning qadimgi vakillari qoldiqlari Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Italiya, Misr va Yaponiya kabi davlatlardan ham topilgan.
Olimlarning ta’kidlashicha, Buyuk Sfinks va Giza ehromlari tarkibidagi toshlarda boshqa qadimiy jonzotlarning qoldiqlari ham bo‘lishi mumkin. Mutaxassislar Mokattam qatlamidan topilgan qazilmalar qadimgi Misr hududida millionlab yillar avval mavjud bo‘lgan boy dengiz ekotizimi haqida ma’lumot berishini aytmoqda.
Tadqiqotchilarning fikricha, qariyb bir asr oldin topilgan qazilmani qayta o‘rganish muzeylardagi eski kolleksiyalarni yana bir bor tekshirish qanchalik muhimligini ham ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq olimlar dinozavrlar davrida yashagan yirik dengiz sudralib yuruvchisini kashf etib, unga Tylosaurus rex deb nom bergan edi.
Live
Barchasi