Yaponiya Rossiyaning qaroriga qattiq norozilik bildirdi

Olam

image

Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida bugun, 22 mart kuni parlamentdagi debatlar chog‘ida Rossiyaning tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatish qaroriga munosabat bildirib, uni qabul qilib bo‘lmas deb atadi.

“Biz buni mutlaqo nohaq va mutlaqo nomaqbul deb hisoblaymiz, shu munosabat bilan qattiq norozilik bildiramiz. Biz shimoliy hududlar muammosini hal qilish (Yaponiyada Kuril orollarining janubiy qismi shunday ataladi – tahr.) va tinchlik shartnomasini tuzish yo‘lida yo‘nalishimizni o‘zgartirmayapmiz”, degan hukumat rahbari Kisida.

Kisida, shuningdek, hukumat 2022 moliya yili uchun (1 apreldan boshlanadi) byudjetni qayta ko‘rib chiqish niyatida emasligini ta’kidladi, bu, xususan, Rossiya bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun xarajatlarni ham nazarda tutadi, endilikda “bu mablag‘lar Yaponiya korxonalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi.

Avvalroq Rossiya Yaponiya bilan tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatgani haqida xabar bergan edik. Moskva shuningdek, yaponiyaliklarning Kuril orollariga borishi uchun berilgan imtiyozlarni ham bekor qildi.

Yaponiyaning RFga qarshi sanksiyalari

Yaponiya avvalroq Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga qarshi bir nechta sanksiyalar paketini joriy qilgan edi. Xususan, gap 300 nomdagi tovar va texnologiyalarni yetkazib berishni taqiqlovchi eksport cheklovlari haqida bormoqda. Bunga yarimo‘tkazgichlar, dengiz va aviatsiya xavfsizligini ta’minlash uskunalari, telekommunikatsiya uskunalari, aloqa vositalari, harbiy mahsulotlar, jumladan, qurol-yarog‘, dasturiy ta’minot va neftni qayta ishlash uskunalari kiradi. Bunday cheklovlar Rossiya Federatsiyasining 49 ta kompaniya va tashkilotiga, jumladan, “Rosoboroneksport” OAJ, “Rostex”, Federal xavfsizlik xizmati va Tashqi razvedka xizmatiga joriy etildi.

Bundan tashqari, Yaponiya “Otkritiye” banki, Novikombank, “Sovkombank”, VTB, “Rossiya” banki, Promsvyazbank va VEB.RF aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasi rahbariyatiga, jumladan, Prezident Vladimir Putinga, shuningdek, rossiyalik ishbilarmonlarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etildi.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya 1905 yilda Rossiya-Yaponiya urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Saxalinning janubiy qismini Yaponiyaga topshirgan. 1945 yil fevral oyida esa Sovet Ittifoqi Yaponiya bilan urushga kirish evaziga Saxalin va Kurill orollarini qaytarib olgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kuril orollari

Baholaganlar

729

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing