Xitoy Kuril orollari masalasida Yaponiya pozitsiyasidan voz kechdi

Olam

image

Deyarli 60 yil ichida birinchi marta Xitoy Kuril orollarining janubiy qismiga egalik qilish masalasida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, mazkur masalada betaraf ekanini bildirdi. Bu esa Pekin va Moskvani yanada yaqinlashtirdi. Bu haqda bugun, 3 aprel kuni Xitoy tomoniga yaqin manbalarga tayanib, “Kyodo” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Xitoyning sobiq rahbari Mao Szedun 1964 yilda bu masalada Yaponiyani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va shundan beri Xitoy bu mavzuni ko‘tarmagan. Biroq Xitoyning amaldagi Raisi Si Szinpin mart oyida Moskvada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvi chog‘ida Xitoy Kuril orollarining janubiy qismiga hududiy egalik qilish masalasida hech bir tomonning pozitsiyasini egallamasligini ta’kidlagan. 

Manbaga ko‘ra, Xitoy pozitsiyasining o‘zgarishi Rossiyaning ishonchini mustahkamlaydi, bu esa tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni yanada murakkablashtiradi. Bundan tashqari, Moskvada bo‘lib o‘tgan sammitda Rossiya tomoni Xitoyga Kuril orollari hududiy maxsus iqtisodiy zona maqomiga ega bo‘lganligi sababli ularga sarmoya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qilgan.

Ta’kidlash joizki, Moskva va Tokio o‘tgan asrning o‘rtalaridan beri Ikkinchi jahon urushi yakunlari bo‘yicha tinchlik bitimini ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Bunga asosiy to‘siq Kuril orollarining janubiy qismiga bo‘lgan huquqlar bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lib qolmoqda. Urush tugagandan so‘ng butun arxipelag Sovet Ittifoqi tarkibiga kirgan, ammo Yaponiya Iturup, Kunashir, Shikotan va bir guruh kichik orollarga egalik qilish huquqi Rossiyada ekaniga e’tiroz bildirib keladi. Shu bilan birga, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi tegishli xalqaro huquqiy shaklga ega bo‘lgan ushbu hududlarda Rossiya suvereniteti shubhasiz ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.

Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga bosqini boshlanganidan keyin Yaponiya Rossiyaga qarshi bir nechta sanksiyalar paketini joriy qilgan. Shu munosabat bilan Rossiya TIV Moskva Tokio bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatayotganini ma’lum qilgan. Shuningdek, 1991 yilda Rossiya Federatsiyasining janubiy Kuril orollari va Yaponiya o‘rtasida vizasiz almashinuv to‘g‘risidagi kelishuvlar asosida Yaponiya fuqarolari uchun vizasiz sayohatni to‘xtatishga qaror qilingan. Bundan tashqari, Rossiya tomoni Kuril orollari janubida qo‘shma iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Yaponiya bilan muloqotdan chiqishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 aprel kuni Yaponiya va Xitoy Tashqi ishlar vazirlari ikki davlat o‘rtasidagi keskinlik fonida uch yildan ortiq vaqtdan beri ilk muzokaralar o‘tkazgan edi. Unda Yaponiya fuqarolarining Xitoyda hibsga olinishi, Xitoyning harbiy faolligi, jumladan, Rossiya bilan hamkorligi va Sharqiy Xitoy dengizidagi harbiy mavjudligi muhokama qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Xitoy Yaponiya Kuril orollari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made