Yaponiya Rossiyaga yana bir toifada tovarlar eksportini taqiqladi
Olam
−
10 iyun 2022
5096Yaponiya joriy yilning 17 iyunidan kuchga kiradigan sanksiyalarning yangi paketi doirasida Rossiyaga yuk mashinalari, samosvallar va buldozerlar eksportini taqiqladi. Bu haqda bugun, 10 iyun kuni Tokioda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Koiti Xagiuda ma’lum qildi.
“7 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining sanoat infratuzilmasini mustahkamlashga hissa qo‘shadigan mahsulotlarni Rossiyaga eksport qilishni taqiqlash to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan 17 iyundan boshlab yuk mashinalari, samosvallar, buldozerlar va boshqa uskunalarni yetkazib berishni taqiqlash joriy etiladi”, deydi u.
Agentlik veb-saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Rossiyaga eksport qilish taqiqlangan mahsulotlar ro‘yxatiga yog‘ochning ayrim turlari, shu jumladan dekorativ qoplama, dastgoh asboblari uchun butlovchi va ehtiyot qismlari, po‘lat rezervuarlar, bug‘ va gaz generatorlari kiradi. Bundan tashqari, ro‘yxatga nasoslar, turbinalar, to‘quv dastgohlari, zaryadlangan zarrachalar tezlatgichlari, o‘lchash va sinov uskunalari, sanoat robotlari va boshqalar kiradi.
Avvalroq Yaponiya Ukrainadagi vaziyat tufayli Rossiya Federatsiyasiga nisbatan bir nechta cheklovlar to‘plamini qabul qilgan edi. Sanksiyalar ro‘yxatiga allaqachon Rossiya Federatsiyasi, Belarus, LXR va DXRning 700 dan ortiq fuqarolari, shuningdek, 200 dan ortiq rus kompaniyalari va tashkilotlari kiradi.
Bundan tashqari, Yaponiya “Otkritiye” banki, “Novikombank”, “Sovkombank”, VTB, “Rossiya” banki, “Promsvyazbank”, VEB.RF, “Sberbank” va “Alfa-bank” aktivlarini muzlatib qo‘ydi.
Eksport qilish taqiqlangan tovarlar va texnologiyalar ro‘yxatiga 300 dan ortiq buyumlar, shu jumladan yarimo‘tkazgichlar, dengiz va aviatsiya xavfsizligini ta’minlash, telekommunikatsiya va aloqa uskunalari, harbiy mahsulotlar, shu jumladan qurol, dasturiy ta’minot va neftni qayta ishlash uskunalari kiritilgan. Bundan tashqari, Rossiyaga hashamatli tovarlar, shu jumladan 6 million iyendan ortiq qiymatdagi (taxminan 49 ming dollar) avtomobillar yetkazib berishga taqiq qo‘yilgan.
Oynisaxon Abdullayeva
LiveBarchasi