Yaponiya mundialda furor ko‘tardi

Sport

image

Joriy yilning 1 dekabr kuni Qatarda bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatida pley-off bosqichida ishtirok etadigan yana to‘rt nafar jamoa aniqlandi. 3-tur yakuniga ko‘ra "E" va "F" guruhlardan 1/8 finalga chiqqan jamoalar ma’lum bo‘ldi.

"E" guruhi

So‘nggi tur oldidan 4 ochko bilan guruhda peshqadamlik qilayotgan ispanlarning pley-offga chiqish imkoniyati juda yuqori bo‘lgandi. Biroq Luis Enrike shogirdlari tezkor gol urishlariga qaramay, Yaponiyaga imkoniyatni boy berdi (1:2). Aynan Osiyo termasi yevropaliklarni ortda qoldirib, yakunda 1-o‘rinda 1/8 finalga yo‘l oldi.

Yaponiya ikki Jahon chempionini mag‘lub etdi va birinchi bo‘ldi. Ispaniya esa 2-o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Ispaniyaliklar to‘plar nisbati bo‘yicha Germaniyani ortda qoldirgani uchun pley-offga yo‘llanma oldi. Nemislar so‘nggi turda qo‘llaridan kelgan barcha ishni qildi – ular Kosta-Rikadan ustun keldi (4:2), biroq gollari soni keyingi bosqich uchun yetarli bo‘lmadi. Agar ispanlar Yaponiyaga mag‘lub bo‘lmaganida, Xansi Flik jamoasi pley-offga chiqqan bo‘lardi.

"F" guruhi

Bu guruhda birinchi o‘rinni sensatsion tarzda Marokash terma jamoasi egalladi. Afrikaliklarga so‘nggi turda Kanadaga mag‘lub bo‘lmaslik yetarli edi, ammo ular topshiriqni ortig‘i bilan bajarib, raqibni mag‘lub etdi – 2:1. Bungacha marokashliklar Belgiyani mag‘lub etgan (2:0) va xorvatlar bilan ochko bo‘lishgandi (0:0).

Parallel o‘yinda Yevropa jamoalari 1/8 finalning ikkinchi yo‘llanmasi uchun kurash olib bordi. Xorvatlarga yutqazmaslik kifoya edi, ammo belgiyaliklarni faqat g‘alaba qanoatlantirardi. Ikkinchi bo‘lim birinchisiga qaraganda ancha qiziqarli o‘tdi, ammo jamoalar gollari bilan muxlislarni xursand qila olmadi. Xorvatiya 2-o‘rinda pley-offga chiqdi, Belgiya esa uyiga ketdi.

1/8 finalda qanday to‘qnashuvlar bo‘ladi?

Ispaniyaning guruhda 2-o‘rinni egallashi Luis Enrike jamoasiga bir tarafdan foyda bo‘lishi ham mumkin. Birinchidan, 1/8 finalda Xorvatiya bilan emas, Marokash bilan o‘ynaydi. Ikkinchidan, ispanlar g‘alaba qozonsa, chorak finalda ularni katta ehtimol bilan Portugaliya, yoki Shveysariya, Serbiya yoki Kamerun to‘qnashuvlari g‘olibi qarshi oladi. Agar Luis Enrike shogirdlari guruhda 1-o‘rinni egallaganda, chorak finalda katta ehtimol bilan Braziliyaga to‘qnash kelardi. Hech qanday holatda Ispaniya Yaponiyaga ataylab mag‘lub bo‘ldi, deb ta’kidlab bo‘lmaydi, ammo bu mag‘lubiyat ularning yarim final yo‘llanmasini biroz osonlashtirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar2022

Baholaganlar

391

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing