Qirollar to‘g‘ri yo‘nalishda ketmoqda

Sport

image

30 noyabr kuni Qatarda Jahon chempionati guruh bosqichining navbatdagi o‘yinlari bo‘lib o‘tdi va pley-offning yana ikki juftligi ma’lum bo‘ldi.

"C" guruhi

Bu guruhda 2-tur oldidan chigal vaziyat yuzaga kelgandi. To‘rtlikdagi jamoalarning har biri pley-offga chiqish imkoniyatini saqlab qolgandi, biroq shu bilan birga, termalarning har birida uyga ketish xavfi ham bor edi. Argentina terma jamoasi vazifani hal qildi - ular polshaliklarni mag‘lub etdi (2:0) va guruhda 1-o‘rinni egalladi. Bu juda muhim, chunki janubiy amerikaliklar 1/8 finalda fransuzlar bilan to‘qnashishi mumkin edi.

Ikkinchi yo‘llanma uchun shiddatli kurash kechdi. Oxirgi tur oldidan polyaklar meksikaliklardan ochko va to‘plar nisbati bo‘yicha oldinda edilar. Argentinaga qarshi bahsning ikkinchi bo‘lim o‘rtalariga kelib Polsha o‘z darvozasiga ikkita gol qo‘yib yubordi, meksikaliklar esa saudiyaliklarni ikki marta ranjitdi. Natijada jamoalar ochkolar (4), to‘plar farqi (0), urilgan gollar (2) bo‘yicha teng ko‘rsatkich qayd etdi. Boz ustiga, o‘zaro uchrashuv ham durang bilan yakunlangandi - 0:0. Ushbu ssenariyda sariq va qizil kartochkalar soni hisoblanardi.

To‘rt yil avval aynan shu mezon Yaponiya terma jamoasini pley-offga olib chiqqan. Osiyo termasi Senegal bilan to‘rt ochko jamg‘argan bo‘lsada, guruh bosqichidagi o‘yinlarda kamroq kartochka olgani evaziga 1/8 finalga yo‘l olgandi. Ammo polshaliklarga Saudiya Arabistoni terma jamoasi yordam berdi, ular asosiy vaqtda Meksikaga gol urdi. Buning evaziga Cheslav Mixnevich shogirdlari to‘plar nisbati bo‘yicha shimoliy amerikaliklarni ortda qoldirdi.

"D" guruhi

2-tur natijasiga ko‘ra, Fransiya terma jamoasi muddatidan avval 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. 3-turda "uch ranglilar" Tunisga imkoniyatni boy berdi (0:1). Afrikaliklar o‘ziga xos jasorat ko‘rsatdi, ammo Jahon chempionatining pley-off bosqichisiz qoldi.

Gap shundaki, parallel kechgan o‘yinda avstraliyaliklar ikkinchi bo‘limda tezkor hujum uyushtirib, daniyaliklar darvozasiga gol urdi. Grem Arnold shogirdlari raqibni 1:0 hisobida mag‘lub etib, guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa, Avstraliya 2006 yildan beri ilk bor 1/8 finalda o‘ynaydigan bo‘ldi. 

1/8 finalda to‘qnashuvlari:

3 dekabr

20:00. Niderlandiya - AQSH;

00:00. Argentina - Avstraliya.

4 dekabr

20:00. Fransiya - Polsha;

00:00. Angliya - Senegal.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar2022

Baholaganlar

235

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing