Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreya qo‘shma harbiy mashg‘ulot boshladi
Olam
−
13 noyabr
1503Bugun, 13 noyabr kuni Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreya Sharqiy Xitoy dengizida joriy yil iyun oyidan beri ikkinchi bor “Freedom Edge” nomli harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, “Freedom Edge 24-2” mashg‘ulotlari Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreya Mudofaa vazirlari tomonidan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha imzolangan memorandumga muvofiq o‘tkazilmoqda.
“Memorandum imzolanishi chog‘ida Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreya Mudofaa vazirlari Koreya yarimorolida, Hind-Tinch okeani mintaqasida, shuningdek, undan tashqaridagi hududlarda tinchlik va barqarorlikka hissa qo‘shishga sodiqligini bildirdi”, deyiladi xabarda.
Mashg‘ulotlarda Yaponiya tomonidan “Xaguro” esminetsi (harbiy kema turi), Orion P-3 patrul samolyoti, F-15 va Mitsubishi F-2 qiruvchi samolyotlari hamda Boeing E-767 ishtirok etmoqda. Janubiy Koreya tomonidan ikki esminets, jumladan “Soe Ryu Son Ryon”, Orion P-3 patrul samolyoti va F-15 qiruvchi samolyotlari qatnashmoqda.
AQSH tomonidan esa atom aviatashuvchisi, “Jorj Vashington”, “Higgins” esminetslari, “McCampbell”, “Dewey”, Boeing P-8 Poseidon patrul yassi kemasi, F-15 va F-18 qiruvchi samolyotlari, Boeing KC-135 transport tankerlari ishtirok etmoqda.
Bildirilishicha, mashg‘ulotlar davomida beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari bir nechta sohalardagi yuqori darajadagi mudofaa infratuzilmasiga integratsiya qilinadi. Beshinchi avlod qiruvchi samolyotlari raketaga qarshi mudofaa, havo hujumiga qarshi va suv osti kemalariga qarshi mudofaa bo‘yicha kompleks mashg‘ulotlarda, shuningdek, qaroqchilikka qarshi harbiy amaliyotlar va kiberhujumlarga qarshi himoya mashqlarida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida AQSH va Janubiy Koreya qo‘shinlari mudofaani mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli mashg‘ulotlar o‘tkazgan edi.
LiveBarchasi