Yanvar-oktyabr oylarida qancha ish haqi va nafaqa pullari talon-toroj qilingani aytildi
Jamiyat
−
02 dekabr
3850O‘zbekistonda joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 milliard so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, 71 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd etilishicha, prokuratura aralashuvi bilan qarzdorliklarning 11,6 trillion so‘mi amalda undirilgan, 8,9 trillion so‘mlik kreditlar bo‘yicha garovdagi mulklarning sotuvga chiqarilishi ta’minlangan, 1,6 trillion so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdorlarning ish haqiga qaratilgan.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida kredit mablag‘larining 2,5 trillion so‘mi talon - toroj qilingani aniqlanib, bank va mijoz korxonalar rahbarlariga nisbatan 906 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2024 yilgi investitsiya dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan ob’ektlarda qurilish sifati va mablag‘lardan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, 61,2 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar va 82,1 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etilib, huquqbuzarliklarning oldi olingan.
Mazkur dastur ijrosi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 466 nafar shaxs intizomiy, 1854 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 262 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 71 milliard so‘m zarar undirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdori oshirilgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi