Yangiariqda sudya oqlov hukmi evaziga fuqarodan qancha talab qilgani aytildi
3-sahifa
−
03 iyul 7842 1 daqiqa
Avvalroq, Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida tergov sudyasi pora bilan qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Ushbu sudya hamkasblari orqali oqlov hukmini chiqartirib berish uchun fuqarodan 15 ming dollar talab qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiariq tuman sudining tergov sudyasi Urganch shahrida yashovchi fuqaroga nisbatan JIB Tuproqqal’a tuman sudida ko‘rilayotgan, Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini vakolatli hamkasblari orqali uning foydasiga hal qilib, oqlov hukmini chiqartirib berish evaziga 15 ming AQSH dollar so‘ragan.
Shundan so‘ng, tergov sudyasi 2 ming dollarni naqd pulda va 24 million so‘mni esa plastik karta orqali olgan. Ammo bergan va’dasining ustidan chiqmagan sudya muqaddam olgan pullarini qaytarayotgan vaqtida DXX, Oliy sud va Bosh prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Hozirda Bosh prokuratura tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatining Urganch shahar prokuraturasi tergovchisi ham avval pora olib, keyin uni qaytarib berayotgan vaqtida qo‘lga tushgandi.