“Yangi yildan oldingi muhim siyosiy harakat”. Putin va Bayden nimalarni gaplashdi?
Olam
−
31 dekabr 2021
8993Rossiya va AQSH yetakchilari Vladimir Putin va Jo Bayden kecha, 30 dekabr kuni telefon orqali muloqot qildi. Suhbat aniq va mazmunli bo‘lgan. Bu haqda Putinning yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lumot berdi.
Davlat rahbarlarining telefon muloqoti Moskva vaqti bilan kechki payt bo‘lib o‘tgan va 50 daqiqa davom etgan.
“Bugungi muloqotdan mamnunmiz, chunki ular samimiy, mazmunli, aniq xususiyatga ega bo‘ldi. Va shuni aytishim mumkinki, umuman olganda, bu muloqotning yo‘nalishi ancha konstruktiv bo‘ldi”, degan Prezident yordamchisi jurnalistlarga.
Ushakovning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar Moskvadan Vashingtonga o‘tkazilgan ikkita hujjatda bayon etilgan Rossiya xavotirlarining mantiqi va mohiyatini tushunish istagini namoyish qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putin va Bayden suhbatga puxta tayyorgarlik ko‘rgan va muloqotni Yangi yildan keyin davom ettirishga kelishib olgan.
“Yangi yilga roppa-rosa bir kun qolganida chinakam muhim siyosiy harakat bo‘lib o‘tdi”, degan Ushakov.
Katta xato
Bayden Putin bilan suhbatda ehtimoliy “keng ko‘lamli sanksiyalar” haqida gapirgan, Rossiya Prezidenti bunga javoban bu munosabatlarning butunlay uzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan katta xato bo‘lishini aytgan. Rossiya rahbari bunday sanksiyalar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishini qo‘shimcha qilgan va Moskva bu sodir bo‘lmasligiga umid qilishini aytgan.
Putin, shuningdek, Baydenga Rossiya o‘z xavfsizligini ta’minlashda Qo‘shma Shtatlar qanday yo‘l tutsa, shunday yo‘l tutishini aytgan. Ta’kidlanishicha, Putin Amerika Prezidentiga ushbu gapning asosiy ma’nosini yetkazish uchun har tomonlama harakat qilgan.
“Rossiyaning kafolatlangan xavfsizligi”
Rossiya rahbari Bayden bilan suhbat chog‘ida AQSH va NATOga berilgan strategik xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hujjatlarda belgilangan asosiy tamoyillarni batafsil bayon qilgan.
“Putin biz uchun, albatta, bu uch yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar muhim ekanini ta’kidladi (Jenevadagi ikki tomonlama muzokaralar, Rossiya va NATO orqali Bryusseldagi muzokaralar, YeXHT orqali Venadagi muzokaralar — tahr.), lekin eng muhimi, bizga natija kerak va biz Rossiya uchun kafolatlangan xavfsizlik ko‘rinishidagi natijaga erishamiz”, degan Prezident yordamchisi.
Eslatib o‘tamiz, dekabr oyi boshida Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Jo Bayden telekonferensaloqa formatida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazgandi.
LiveBarchasi