Yangi aeroport Toshkent janubida quriladi (video)
Jamiyat
−
02 avgust 24052 2 daqiqa
Kecha, 1 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga transport sohasidagi yirik loyihalar bo‘yicha axborot berilgan va Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport qurilishi ma’lum qilingan edi. Mutasaddilar Prezident ishtirokidagi yig‘ilishdan so‘ng yangi barpo etiladigan aeroport joylashuvi va imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, yangi aeroport amaldagi Toshkent xalqaro aeroportidan 17 kilometr masofada, Toshkent–Samarqand yo‘nalishidagi mavjud avtomobil yo‘li va yaqin kelajakda barpo etiladigan pullik avtomagistralga yaqin hududda joylashadi.
“Yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tanlangan yer uchastkasi poytaxtdan janubda, hozirgi aeroportdan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu hudud mavjud Toshkent–Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab, kelgusida qurilishi rejalashtirilgan pullik avtomagistralga yaqin joylashuvi bilan ham qulay hisoblanadi”, dedi Ilhom Mahkamov.
“Uzbekistan Airports” AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev esa hozirgi Toshkent xalqaro aeroporti yillik 11 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega ekanini ma’lum qildi. Bildirilishicha, hozirgi aeroport soatiga 17 ta parvoz va qo‘nishni amalga oshirishi mumkin, shuningdek, perronda bir vaqtning o‘zida 70 tagacha samolyotni qabul qilish imkoniyatiga ega.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilgacha mamlakat iqtisodiyoti o‘sishi fonida Toshkent aeroporti orqali o‘tuvchi yo‘lovchi oqimi 15 million kishiga yetishi mumkin. Hozirgi aeroportni modernizatsiya qilish imkoniyati mavjud bo‘lsada, u shaharning markaziy qismida joylashgani va kengaytirish imkoniyatining cheklangani bois, talabni to‘liq qondira olmaydi.
“Shu sababli, 2030 yilgacha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan yangi aeroport qurilishi zarur bo‘ldi. Mavjud aeroport shaharning markaziga yaqin joylashgani sababli transport tirbandliklarini kuchaytirmoqda. Bundan tashqari, uchish-qo‘nish yo‘laklarining holati va shaharning zich qurilishi samolyotlarning erkin manyovr qilish imkoniyatini cheklab qo‘ymoqda”, deydi Javlonbek Umarxo‘jayev.
Uning ma’lum qilishicha, Prezident yangi aeroport qurilishini boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilgan. Dastlabki bosqichda aeroport yiliga 20 milliongacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, bir vaqtning o‘zida 169 ta samolyotni qabul qila oladi va soatiga 40 dan ortiq parvoz va qo‘nishlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Live
Barchasi